Jahon | 00:05 / 20.10.2015
8399
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyaning Rossiyadagi elchisi Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘anni “telba” deb atadi

Suriyaning Rossiyadagi elchisi Riyod Haddod Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni suriyalik muhojirlar bilan bog‘liq vaziyatga bildirayotgan munosabati uchun tanqid qildi va uni “telba” deb atadi. Bu haqda Haddod “Gazeta.Ru” axborot portaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Yevropada suriyalik muhojirlar muammosini shaxsan Erdo‘g‘anning o‘zi yaratdi, chunki Yevropaga qochib ketganlarni asosan avval Turkiyadagi qochqinlar lagerlarida yashaganlar tashkil qiladi. AQSh va Yevropa Ittifoqi Erdo‘g‘anga qochqinlar uchun Suriyada bufer hudud yaratish uchun ruxsat bermagandan keyin u chegaralarni ochib yubordi va qochqinlar yoki qonuniy yo‘l, yoki mafioz guruhlar yordamida Yevropaga yo‘l oldilar. Erdo‘g‘an bu vaziyatdan YeIga bosim o‘tkazish uchun foydalandi”, deb aytdi Haddod.

“Erdo‘g‘an katta siyosiy xatolarga yo‘l qo‘ymoqda. U mintaqadagi barcha davlatlar dushmaniga aylandi, Usmon imperiyasini qayta tiklash borasida ambitsiyalarga ega. Men umuman uni telba va o‘zini misli sultondek his qilmoqda, deb hisoblayman. Muammoning asoratlarini emas, ildizini davolash kerak. Qochqinlar Suriya armiyasidan qochgani yo‘q, ular qo‘rquv solayotgan va tinch fuqarolarni o‘ldirayotganlardan qochdilar”, deb qo‘shimcha qildi Haddod.

Haddod Suriya boshqa davlatlarga qochqinlarni qabul qilish iltimosi bilan murojaat qilmayotgani, chunki barcha qochqinlar uylariga qaytishni istayotganini ta'kidlab o‘tdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish