Jahon | 09:50 / 20.10.2015
2614
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy va Britaniya o‘rtasida 150dan ziyod shartnomalar imzolanadi

XXR raisi Si Tszinpinning Birlashgan Qirollikda 20 oktabr kuni boshlanadigan davlat tashrifi jarayonida umumiy qiymati bir necha milliard funt sterlingni tashkil etuvchi shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan.
Seshanba, 20 oktabr kuni boshlanadigan Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpinning Britaniyaga rasmiy tashrifi chog‘ida britan va xitoy tadbirkorlari o‘rtasida umumiy miqdori bir necha milliard funt sterlingdan iborat 150dan ziyod shartnomalar imzolanadi.
19 oktabr kuni Si Tszinpin Britaniyaga yetib keldi. Bugun, 20 oktabr kuni Xitoy yetakchisining britan qirollik oilasi va parlamentariylar bilan uchrashishi rejalashtirilgan, chorshanba, 21 oktabrda esa XXR raisi britan bosh vaziri bilan uchrashib, britan-xitoy biznes-sammitida ishtirok etadi.
Imzolanishi kutilayotgan eng yirik qiymatli shartnomalardan biri sifatida Britaniyada atom elektr stansiyasi qurilishi hamda mavjud AESlarning eskirgan qurilmalarini modernizatsiya qilishga investitsiya kiritish aytilmoqda. Maxsus xizmatlar bunday hamkorlikning xavfsizlik uchun salbiy ta'sir ko‘rsatishini aytayotganiga qaramasdan, britan hukumati bu kabi hamkorlikni rivojlantirish va bir necha milliard funt sterlinglik ikki tomonlama shartnomalarni imzolashga tayyor.
Shuningdek, OAV ma'lumotlariga ko‘ra, britan va xitoy energetik kompaniyalari – BP va CNPC ham Iroq va dunyoning boshqa mintaqalaridagi neft konlarini o‘zlashtirish yuzasidan hamkorlikni kuchaytirish to‘g‘risida e'lon qilishadi.
Biznes-forum vaqtida Xitoy yetakchisi XXR Britaniyaning yirik infratuzilma loyihalaridan biri – London-Manchester tezyurar temir yo‘l magistrali qurilishiga investitsiya kiritish to‘g‘risida ham e'lon qilishi mumkin. Avvalroq britan Moliya vaziri Jorj Osborn XXRga tashrifi chog‘ida Xitoy kompaniyalarini tunnellar, ko‘priklar va yo‘llar qurilishi uchun investitsiya kiritishga chaqirgan edi.
Xitoyning yirik telekommunikatsiya kompaniyalaridan biri Huawei ham Manchester universitetida grafen ustida olib borilayotgan tadqiqotlarni moliyalashtirish haqida e'lon qilishi kutilmoqda. Si Tszinpinning o‘zi 21 oktabr kuni kompaniyaning Britaniyadagi vakolatxonasiga, 22 oktabrda universitetga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 19 oktabr kuni XXR raisi Si Tszinpin turmush o‘rtog‘i Pen Liyuan hamrohligida to‘rt kunlik rasmiy tashrif bilan Britaniyaga keldi. Si Tszinpin safari so‘nggi 10 yil ichida Xitoy yetakchisining Britaniyaga bo‘lgan ilk tashrifi bo‘ladi. Oxirgi marotaba XXRning sobiq raisi Xun Tszintao Birlashgan Qirollikka 2005 yilda tashrif buyurgan edi.
Xitoy rahbari va uning turmush o‘rtog‘i sharifiga haqiqiy qirollik qabuli tashkil etiladi. Xitoylik mehmonlar 23 oktabrga qadar Bukingem saroyida istiqomat qilishadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish