Jamiyat | 19:06 / 21.10.2015
10189
8 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov dehqonlar va fermerlarni tabrikladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston dehqonlari va fermerlari, barcha mehnatkashlariga tabriknoma yo‘lladi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov dehqon va fermerlar, suvchi, agronom va mexanizatorlarni, barcha dala mehnatkashlarini g‘alla, paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini ado etgani bilan tabrikladi, deya xabar qiladi O‘zA.

«O‘z hayotini dunyodagi eng mashaqqatli va olijanob ishga bag‘ishlagan sizdek fidoyi insonlarning yil bo‘yi ter to‘kib qilgan mehnatingiz hisobidan joriy mavsumda 7 million 300 ming tonna g‘alla, 3 million 350 ming tonnadan ziyod paxta yetishtirishga, shuningdek, pillachilik, chorvachilik, meva-sabzavot va boshqa tarmoqlar bo‘yicha ham belgilangan rejalarni muvaffaqiyatli bajarishga erishganimiz hammamizga katta xursandchilik yetkazadi», — deyiladi tabriknomada.

«Bugungi mana shunday quvonchli kunda 2015 yilning biz uchun har tomonlama xosiyatli va omadli kelgani, yo‘limizni o‘zi ochib berayotgani uchun avvalo Yaratganimizga shukronalar aytishimiz ham qarz, ham farz, deb bilaman», — dedi Prezident.

Islom Karimovning ta'kidlashicha, «bu yilgi mavsum ham turli tashvishlardan xoli bo‘lmagani, ayniqsa, mart oyida kutilmaganda qor yog‘ishi, qattiq sovuqlar, yoz oylarida havo harorati ilgari hech qachon kuzatilmagan darajada yuqori bo‘lib, ayrim hududlarda 45 darajagacha yetgani katta qiyinchilik va muammolar tug‘dirib, qishloq mehnatkashlarining irodasini yana bir bor jiddiy sinovdan o‘tkazdi».

«Ko‘pni ko‘rgan, azmu shijoatli va matonatli dehqonlarimiz ana shunday qiyinchiliklarni mardona yengib, kunni — kun, tunni — tun demasdan, har tup ekin atrofida parvona bo‘lib, mo‘l hosil yetishtirishga erishgani, hech shubhasiz, har qanday tahsin va tasannoga munosibdir», — deya ta'kidladi davlat rahbari.

2015 yilgi mavsum natijalari haqida gapirar ekan, Prezident shunday dedi: «Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarixiga yorqin sahifa bo‘lib kiradigan bu yilgi mavsumning yuksak natijalari haqida gapirar ekanmiz, buning zamirida avvalambor chuqur o‘ylangan, uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlar, agrar soha rivojini zamonaviy bosqichga ko‘tarish, fermerlik harakatiga keng yo‘l ochib berish bo‘yicha olib borayotgan strategik yo‘limiz mujassam ekanini ta'kidlash o‘rinlidir».

«Bugungi kunda yer o‘zining haqiqiy egasini topib, fermerlik harakati qishloqlarimiz taraqqiyotida hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqayotgani, dalada ishlaydigan har bir odamda o‘z mehnatidan manfaatdorlik hissiyoti kuchayib, ularning kelajakka ishonchi yanada mustahkam bo‘lib borayotgani — bularning barchasi nafaqat qishloq xo‘jaligini, balki butun hayotimizni tubdan o‘zgartirmoqda» — dedi Islom Karimov tabrigida.

Boshqa sohalarga qaraganda o‘zining g‘oyat nozikligi, ko‘p mehnat, katta bilim va tajriba talab qilishi bilan ajralib turadigan paxtachilikda yuksak natijalarni qo‘lga kiritish oson emas, deya tabrigida davom etadi Prezident. «Bu haqda gapirganda, yil davomida qishloq mehnatkashlarining ishni to‘g‘ri tashkil etib, yuksak safarbarlik va uyushqoqlik bilan belni qattiq bog‘lab mehnat qilgani, moddiy-texnik ta'minot, barcha agrotexnik tadbirlarni, xususan, chekanka va defoliatsiyani o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazish masalalariga jiddiy e'tibor qaratilganini alohida qayd etish zarur. Eng muhimi, yetishtirilgan paxta hosili g‘oyat qisqa muddatlarda — 35-40 ish kunida yig‘ib-terib olingani, uning 90 foizi yuqori sortlarga topshirilgani kamdan-kam uchraydigan hodisa, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi».

Islom Karimov shartnoma majburiyatlarini birinchilardan bo‘lib bajargan Andijon, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi mehnatkashlari hissasini alohida e'tirof etdi.

Prezident tabrigida g‘allakorlarning mehnatini ham alohida qayd etdi: «Bu tarmoqda yurtimizda misli ko‘rilmagan ulkan xirmon bunyod etgan, barchamizning rizqu nasibamiz, nonimizni butun qiladigan dehqon va fermerlarimiz, soha mutaxassislarining mardona mehnatiga qoyil qolib, ularga har qancha minnatdorlik bildirsak, arziydi».

«Haqiqatan ham, yaqin o‘tmishda chetdan kimlargadir yalinib, katta-katta mablag‘lar evaziga don olib keladigan, hatto bir hafta-o‘n kunga yetadigan un zaxirasi qolgan og‘ir kunlarni boshidan kechirgan O‘zbekiston bugungi kunda 31,5 milliondan ziyod aholisini nafaqat g‘alla bilan ta'minlayotgan, kerak bo‘lsa, uni eksport qilayotgan mamlakatga aylangani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi», — deya ta'kidladi mamlakat rahbari.

Islom Karimovning qayd etishicha, «Bu yil yetishtirilgan g‘alla hosilining 57 foizdan ko‘prog‘i, ya'ni 4 million 210 ming tonnadan ortig‘i fermer xo‘jaliklari va aholining ixtiyorida qoldirilganini qishloq ahlining omborlari donga, xonadonlari qut-barakaga to‘layotgani, moddiy manfaatdorligi ortib borayotganining amaliy tasdig‘idir».
«Joriy yilda qo‘lga kiritgan marra va yutuqlarimizni sarhisob qilar ekanmiz, ularning negizida yotgan omillarni avvalo yerga mehrini ayamasdan berayotgan, ta'bir joiz bo‘lsa, tuproqdan oltin undirib yashayotgan dehqon va fermerlarimizning yuksalib borayotgan dunyoqarashi, mehnatga munosabati, qisqa qilib aytganda, qishloq ahlining hayot falsafasi tubdan o‘zgarayotganida ko‘rishimiz darkor, deb o‘ylayman», — dedi Prezident.

«Men joylarda bo‘lib, dala mehnatkashlari bilan suhbatlashganimda, bu odamlar nafaqat o‘z sohasi, balki butun yurtimiz taqdiri, yoshlarimiz kelajagi haqida qanday to‘lqinlanib, katta ishonch va g‘urur bilan gapirishi, dunyodagi turli voqea-hodisalarga daxldor bo‘lib yashayotganiga guvoh bo‘lganimda amalga oshirayotgan islohotlarimizning eng muhim natijasini ko‘rgandek bo‘laman», — dedi u.

Islom Karimovning ta'dlashicha, «dunyoda o‘zbek dehqoniga teng keladigan zahmatkash va mirishkor insonlarni topishning o‘zi qiyin va bu haqiqatni siz, azizlarning bu yilgi beqiyos yutuqlaringiz yana bir bor isbotlab turibdi».

«Albatta, bugun shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonning o‘zi agrar soha oldiga ham yangi-yangi vazifalar qo‘yayotganini, biz yetishtiradigan mahsulotlar jahon bozorida har tomonlama raqobatdosh va xaridorgir bo‘lishi zarurligini hammamiz yaxshi tushunamiz. Shu maqsadda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari hamda fermerlar kengashlarining ish samarasini kuchaytirish, yangi avlod fermerlarini tarbiyalash, har bir hududning tabiiy iqlim sharoitiga mos serhosil, ertapishar, kasalliklarga chidamli paxta va g‘alla navlarini yaratish, intensiv bog‘larni, mahsulotni qayta ishlash korxonalarini ko‘paytirish, tuproq unumdorligini oshirish, suv va energiya resurslarini tejaydigan zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish kabi dolzarb masalalar doimiy e'tiborimiz markazida turishi darkor», — dedi Prezident tabrigi so‘nggida.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish