Jamiyat | 12:05 / 21.10.2015
16003
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek kinosi: nega barcha filmlarda ota-ona bir xil?

O‘zbekistonda oxirgi yillarda ko‘plab filmlar ishlab chiqarilmoqda. Aksariyati maishiy mavzularga yo‘naltirilgan bu kartinalarda oila a'zolari, shu jumladan, ota-onalar obrazlari ham o‘yinchi kadrining ajralmas qismiga aylanib qolmoqda.

Ammo negadir aksariyat filmlarda ota-ona rolini aynan bir xil aktyorlar ijro etadi. Aktyorlar har qancha iste'dodli bo‘lmasin, bu kinolarni bir xil qilib qo‘ymoqda, hatto tomoshabinlar ayrimlarini bir-biridan farqlay olmay qolmoqda. Bu masala “Darakchi” gazetasida yoritildi.

“Istasangiz, sinab ko‘ring: so‘nggi yillarda suratga olingan xususiy kinokartinalar titrini o‘tkazib, tomosha qiling-a! Bosh qahramonlar tugul, ularning ota-onasi ham filmdan filmga ko‘chib yurgani bois soatlab bitta kinokartinani ko‘rayotgandek bo‘lasmiz”, - deb yozadi jurnalist.

“Mehrobdan chayon” videofilmidagi Nigoroyim, “Uvaysiy”dagi Nodirabegim kabi tarixiy filmlarda toblangan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra'no Yarasheva ham rejissyorlarning “ona qolipi”ga tushib qolgan”, - so‘zida davom etadi u. Darhaqiqat, keltirilgan ro‘yxatdan ma'lum bo‘ladiki, oxirgi 5-6 yil ichida aktrisa 5ta filmda bosh qahramonning onasini gavdalantirgan.

Lekin uning hamkasbi Saida Rametova 12 yil ichida ijro etgan “ona” va “qaynona”lari har qanday rekordni yangilashga qodir – bu davr ichida aktrisa qariyb 20ta kartinada xuddi shunaqa obrazni gavdalantirgan.

Erkak aktyorlar ichida bu borada birinchilik Ubaydullo Omonga tegishli: 8 yil ichida aktyor 10dan ortiq “ota”larni ekranda namoyish etib bergan. Uning bu boradagi doimiy raqobatchisi bo‘lgan Matyoqub Matchonov undan ko‘rsatkichlari bo‘yicha biroz ortda qolmoqda.

Eldor Asanov tayyorladi