Jahon | 10:40 / 22.10.2015
5390
2 daqiqa o‘qiladi

BMT: muhojirlar Rossiya mehnat bozorida “o‘rtalik” vazifasini bajaradi

BMT Taraqqiyot dasturi va Yevrosiyo taraqqiyot bankining yangi e'lon qilingan qo‘shma hisobotida ta'kidlanishicha, yaqin vaqt ichida O‘rta Osiyodan Rossiyaga keluvchi mehnat muhojirlarining miqdori faqat o‘sib boradi.

“Markaziy Osiyo mamlakatlarida migratsiya, pul o‘tkazmalari va inson rivojlanishi” nomli hujjatda bu borada ayniqsa Tojikiston va Qirg‘izistondagi tendensiyalar jiddiy ekanligi ta'kidlandi. Muhojirlarning pul yetkazmalari ushbu davlatlardagi YaIMning qariyb 50 foiziga tengdir.
Ta'kidlanishicha, bu boradagi eng muhim omil Rossiya va O‘rta Osiyo davlatlari daromadlardagi ulkan tengsizlikdir. Hatto inqirozdan so‘ng ham Rossiyadagi maoshlar O‘rta Osiyodagiga nisbatan ancha katta bo‘lib qolmoqda.

Bundan tashqari, Rossiyadan so‘ng halqa bo‘ylab mintaqa davlatlarida ham dollar kursining o‘sishi va pulning qadrsizlanishi kuzatilmoqda. Shu tariqa, Rossiyada ishlab topilgan pullar mahalliy valyutaga o‘tkazilganda, ular oilani boqishga yetarli summaga aylanmoqda. Shu bilan birga, muhojirlarga ehtiyoj Rossiyada hamon kattaligicha qolmoqda. Chunki chet eldan kelayotgan muhojirlar rossiyaliklarning aksariyati ma'qul ko‘rmaydigan sohalarga o‘zlarini urmoqda.

Yana bir omil – muhojirlar Rossiya mehnat bozorida “o‘rtalik” vazifasini bajaradi. Ya'ni, ishchi kuchiga talab o‘sishi, inqiroz yoki tushkunlik hollarida ular birinchi bo‘lib ish o‘rinlarini yo‘qotadi.
Hisobot mualliflarining bir ovozdan ta'kidlashicha, migratsiya sohasidagi siyosatni puxta o‘ylab amalga oshirish lozim.

Eldor Asanov tayyorladi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish