Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda “Uzstar” shou loyihasi start oladi
Estrada san'atiga qiziqishi yuqori bo‘lgan iqtidor egalarini saralash, ular mahoratini rivojlantirib, qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonda yana bir loyiha ishga tushirilmoqda.
Loyiha tashkilotchisi, taniqli xonanda Ozoda Nursaidova-Saidzodaning kun.uz sayti tahririyatiga ma'lum qilishicha, oktabr oyida Toshkent, Farg‘ona, Samarqand hamda Xorazm viloyatlarida shou kastinglari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Saralab olingan 12 nafar iqtidor egasi Toshkent shahridagi konsert zalida har hafta bo‘lib o‘tadigan bellashuvlarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Har bir shou dasturidan so‘ng bir nafar ishtirokchi uni tark etadi.
Uch oyga qadar davom etadigan loyiha so‘ngida 3 nafar g‘olib aniqlanib, ularga professional studiyada mualliflik qo‘shiqlaridan tashkil topgan musiqiy albom yozib berish imkoni taqdim etiladi. Shuningdek, 1-o‘rin sohibiga o‘z kliplarini sun'iy yo‘ldosh telekanallari orqali namoyish etishga ko‘maklashish va'da qilingan.
“Uzstar” shousi bilan bog‘liq barcha jarayonlar yaqin bir necha kun ichida ishga tushirilishi mo‘ljallangan uzstar.tv sayti orqali namoyish etib boriladi.