Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiya bosh vaziri: Butun mamlakat Jirondadagi fojiali YTH tufayli motamda
Butun Fransiya 43 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan halokatli YTH tufayli motam tutmoqda. Mamlakat bosh vaziri Manuel Vals shunday so‘zlar bilan chiqish qildi.
U voqea yuz bergan hududga, Pyuissegen shahriga shaxsan yetib kelgan.
"Bu juda dahshatli musibat bo‘ldi. O‘nlab yillardan buyon Fransiya bunday hodisaga guvoh bo‘lmagandi. Bugun butun Fransiya va fransuzlar azador", deydi vazir halok bo‘lganlarning yaqinlariga ta'ziya izhor qila turib.
Ayni vaqtda Pyuissegenda va atrofdagi shaharlarda motamsaro kayfiyat hukmron bo‘lib turibdi. Shaharlar ko‘chalarida bayroqlar tushirilgan, har tarafga motam lentalari osilgan. Parijda ham, Milliy majlis deputatlari marhumlar xotirasi uchun 1 daqiqa sukut saqlash marosimini o‘tkazishdi.
Ta'kidlash kerakki, bu voqea munosabati bilan mamlakatda umummilliy motam e'lon qilinmadi. Umummilliy motam alohida hollardagina e'lon qilinadi. Fransiyada beshinchi respublika davrida 7 marta umummilliy motam e'lon qilingan bo‘lib, oxirgisi 2015 yilning yanvarida "Charlie Hebdo voqealari" tufayli bo‘lib o‘tgandi.
43 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan YTH bugun tongda, mahalliy vaqt bilan soat 7:30 da mamlakat janubi-g‘arbidagi Liburn shahrining chekka qismida sodir bo‘ldi. Avtobus va yuk mashinasi old qismi bilan to‘qnashib ketdi va yong‘in chiqdi.
Bu ekskursiya avtobusi bo‘lib, unda nafaqadagi kishilar ketayotgan bo‘lgan. Shuningdek, avtobus bilan to‘qnashgan yuk mashinasi haydovchisi va uning o‘g‘li halok bo‘lgan. Avtobusdagi 49 kishidan 8 kishi omon qolgan.
Ta'kidlanishicha, bu 1982 yildan buyon Fransiyadagi eng yirik yo‘l-transport hodisasi bo‘ldi. 1982 yilning 31 iyulida Burgundiyada yuz bergan avtobus halokati oqibatida 53 kishi halok bo‘lgan edi.
Hozirda Gretsiyada davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan prezident Fransua Olland «bu dahshatli fojia»dan so‘ng hukumat barcha zarur harakatlarni amalga oshirishini ma'lum qilgan.