Jahon | 18:47 / 23.10.2015
4085
2 daqiqa o‘qiladi

Meksika politsiyasi AQShga giyohvand moddalar yetkaziladigan tunnelni aniqladi

Meksika federal politsiyasi Tixuana shahrida AQShning San-Diyego shahriga giyohvand moddalar yashirincha tarzda yetkazilgan tunnelni aniqladi. 22 oktabrda Meksika Milliy xavfsizlik komissiyasi ma'lum qilgandek, uzunligi 800 metr bo‘lgan yer osti yo‘li Garita-de-Otay tumanidagi omborda joylashgan bo‘lgan.

Omborda yuk mashinalari va pikaplarning katta qatnovi politsiya xodimlarining e'tiborini tortgan. Politsiyachilar birorta ham o‘q uzmay taqiqlangan moddalar kontrabandasi bilan shug‘ullangan 16 kishini qo‘lga olishga hamda umumiy vazni 10 tonna bo‘lgan 870 qop marixuanani musodara qilishga muvaffaq bo‘ldi. Aniqlanishicha, jinoyatchilar tunnelni puxta qurishgan: tunnel devorlari metall balkalar bilan mustahkamlangan, havo aylanish va yoritish tizimlari bilan jihozlangan bo‘lgan. Bundan tashqari, tunnelda og‘ir yuklarni platformalarda tashish uchun relslar ham bo‘lgan.

AQSh chegarasida giyohvand moddalarni yetkazish uchun tunnellar qurish Meksikadagi yirik narkokartellardan biri bo‘lgan “Sinaloa”ga xosdir. Narkokartel boshlig‘i, “Pakana” laqabli Xoakin Gusman 12 iyulga o‘tar kechasi Mexiko shtatidagi qattiq tartibdagi “Altiplano” qamoqxonasidan qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan edi. Jinoyatchi o‘z kamerasidan 1,5 km lik tunnel orqali qochib ketgan.

Ayni paytda prokuratura Meksikadagi eng nufuzli jinoyatchilardan birining qochishi ishi bo‘yicha bir necha kishini, jumladan qochish tashkilotchilari hamda qamoqxonaning sobiq direktorini hibsga oldi. Oktyabr o‘rtalarida Meksika harbiy-dengiz flotining maxsus bo‘linmasi Gusmanni Durango va Sinaloa shtatlarida qidirayotgani ma'lum bo‘ldi. 16 oktabrda chop etilgan axborotga ko‘ra, narkobaron taqibdan qochish paytida jarohat olgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish