Jahon | 06:52 / 24.10.2015
8148
2 daqiqa o‘qiladi

Nemtsovning o‘limida ayblanayotgan Dadayev Putindan uni Suriyaga jang qilishga yuborishni so‘radi

Rossiyalik siyosatchi Boris Nemtsovning qotilligida ayblanayotgan chechenistonlik sobiq harbiy Zaur Dadayev Rossiya prezidenti Vladimir Putin nomiga uni zarurat tug‘ilganda Suriyaga jang qilishga yuborishni so‘rab maktub yo‘lladi.

Dadayevning aytishicha, u IShIDga qarshi kurashmoqchi. “Men o‘zimning aybsizligimni isbotlashga imkoniyat berishingizni so‘rayman”, deb yozmoqda Dadayev. U maktubda o‘zining bir nechta medal va ordenlar sohibi, Shimoliy Kavkazda terrorchilarga qarshi jangovor harakatlar ishtirokchisi ekanligini eslatib o‘tdi.

“Men Rossiya, vatanim uchun jon berishga tayyorlikdan boshqa o‘z vatanparvarligimni va aybsizligimni isbotlashning to‘g‘riroq yo‘li borligini bilmayman”, deb ta'kidlab o‘tdi Chechenistonda joylashgan “Shimol” batalonining sobiq jangchisi. Dadayev o‘zining noqonuniy qo‘lga olingani va uning aybdor deb tan olinishidagi yagona isbot – bu uning majburan aybni o‘z bo‘yniga olgan iqrori ekanligini ko‘rsatib o‘tdi.   

“Govorit Moskva” radiostansiyasiga ayblanuvchining advokati Shamsudin Tsakayev ma'lum qilganidek, Dadayev Checheniston prezidenti Ramzon Qodirov Suriyaga jangchilarni yuborishga tayyorligini aytgandan keyin Putinga murojaat qilishga qaror qilgan.  

Eslatib o‘tamiz, rossiyalik muholifatchi Boris Nemtsov 28 fevralda Moskva markazida otib ketilgan. Bu qotillikda gumon qilinib Dadayevdan boshqa yana 4 kishi – Anzor Gubashev, uning ukasi Shadid, Xamzat Baxayev va Tamerlan Eskerxanov ham qo‘lga olingan. Jinoyatning tashkilotchilari va buyurtmachilari topilmagan.

Dadayev qo‘lga olingandan keyin aybiga iqror bo‘luvchi ko‘rsatmalar bergan, biroq keyinroq bu ko‘rsatmalarni bosim ostida berganini aytib, ulardan voz kechgan. Shu bilan birga u bir necha bor alibisi borligini takrorlagan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish