Jamiyat | 08:57 / 24.10.2015
3507
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Britaniyaning "Globus" teatri jamoasi "Gamlet"ni namoyish etadi

4-6 noyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Uilyam Shekspir nomidagi "Globus” teatri jamoasi O‘zbekistonga ijodiy tashrif uyushtiradi.

Mazkur ijodiy safar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda "O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tashkil etilmoqda.

"Globus” teatri jamoasi "Gamlet” spektaklini 4 noyabr kuni soat 14.00da hamda 19.00da namoyish etadi (Ushbu spektakl bepul namoyish etilib, teatr ijodkorlari va talabalar taklifnoma orqali taklif etiladi. Spektaklda o‘zbekistonlik hech qaysi aktyorlar ishtirok etmaydi).

Mazkur loyiha davomida O‘zbek Milliy akademik drama teatri binosida "Shekspir asarlari O‘zbekistonda!” deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etiladi.

5-6 noyabr kunlari teatr san'atida yangi loyihalar xalqaro forumi o‘tkaziladi. Ushbu forumga barcha teatr mutaxassislari va ijodkorlari jalb etilgan bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad kelajakda Britaniya va O‘zbekiston madaniy aloqalarini yangi pog‘onalarga ko‘tarish hisoblanadi.

Ma'lumot uchun, Britaniyaning Uilyam Shekspir nomidagi "Globus” teatri tarixiy madaniy obidalar sirasiga kiruvchi binoga ega bo‘lib, shu nom bilan ataluvchi London shahridagi muhtasham teatrdir. Ilk bora "Globus” teatri 1599 yilda Temza daryosining janubiy qirg‘og‘ida Shekspir boshchiligidagi truppa mablag‘iga qurilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar uch marotaba qayta qurilib, rekonstruksiya qilingan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish