Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zaur Dadayevning Suriyaga jo‘natishlarini so‘rab yozgan maktubiga javob qaytarildi
Rossiyalik siyosatchi Boris Nemtsovning qotilligida ayblanayotgan chechenistonlik sobiq harbiy Zaur Dadayev Rossiya prezidenti Vladimir Putin nomiga o‘zini Suriyaga jang qilish uchun yuborishni so‘rab yo‘llagan maktubiga javob qaytirildi. Bu haqda "Rosbalt" nashri o‘z manbasiga asoslanib, xabar bergan.
Nashrda yozilishicha, Dadayevning xatini jazoni o‘tash muassasasi rahbariyati Rossiya Tergov qo‘mitasiga yo‘llagan, u yerda murojaatdan nusxa olingan va haqiqiy xat Rossiya prezidenti ma'muriyatiga yetkazilgan. Putin ma'muriyati esa maktubni javob tayyorlash uchun qaytib Tergov qo‘mitasiga yo‘llagan. 24 oktabr kuni qaytarilgan javob xatiga ko‘ra, Dadayevning iltimosi e'tiborsiz qoldirilgani ma'lum bo‘lgan.
Bir necha kun oldin Dadayev o‘zining aybsizligini isbotlash maqsadida Suriyada IShIDga qarshi jang qilmoqchiligini bildirib, Putinga xat yozgandi.
Uning advokati Shamsudin Tsakayev ma'lum qilganidek, Dadayev Checheniston prezidenti Ramzon Qodirov Suriyaga jangchilarni yuborishga tayyorligini aytgandan keyin Putinga murojaat qilishga qaror qilgan.
Eslatib o‘tamiz, rossiyalik muxolifatchi Boris Nemtsov 28 fevralda Moskva markazida otib ketilgan. Bu qotillikda gumon qilinib Dadayevdan boshqa yana 4 kishi – Anzor Gubashev, uning ukasi Shadid, Xamzat Baxayev va Tamerlan Eskerxanov ham qo‘lga olingan. Jinoyatning tashkilotchilari va buyurtmachilari topilmagan.
Dadayev qo‘lga olingandan keyin aybiga iqror bo‘luvchi ko‘rsatmalar bergan, biroq keyinroq bu ko‘rsatmalarni bosim ostida berganini aytib, ulardan voz kechgan. Shu bilan birga u bir necha bor alibisi borligini takrorlagan.