Jamiyat | 12:50 / 26.10.2015
5942
3 daqiqa o‘qiladi

Respublika Kinochilar uyida «Ajal jodusi» badiiy filmi premerasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 23 oktabr kuni Respublika Kinochilar uyi hamda Alisher Navoiy nomli kino saroyida «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga asosan «Vatan» kinostudiyasida suratga olingan «Ajal jodusi» badiiy filmining premerasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zbekkino» matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.

Filmda butun dunyoda jiddiy muammoga aylangan noqonuniy migratsiya va uning oqibatida yuzaga keladigan muammolar – qonunni chetlab o‘tgan holda, xorijiy mamlakatga borib, noqonuniy mehnat muhojiriga aylangan shaxslarning mashaqqatli mehnati, huquqsizlikdagi og‘ir hayoti va ba'zan ayanchli tugayotgan qismati haqida hayotiy misollar asosida, ta'sirchan yo‘sinda hikoya qilinadi, deyiladi xabarda.

«Filmimizda ko‘rsatilgan ba'zi bir holatlar doimo ekranda qolib ketsin, siz va bizning oramizda bunday noxushliklar yuz bermasin. Yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligini saqlab kelayotgan posbonlarimiz, harbiylarimiz, huquq-tartibot idoralari xodimlariga minnatdorchiligimni bildiraman», deydi postanovkachi rejissyor Hilol Nasimov.

«Ajal jodusi» badiiy filmini 24 oktabrdan e'tiboran Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi kinotearlarda tomosha qilishingiz mumkin. Ma'lumot uchun, 2015 yil davomida «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan «Novda» (rejissyor Zulfiqor Musoqov), «Sotqin» (Rustam Sa'diyev), «Dilor, dilor... dil va or» (Shuhrat Abbosov va Nozim Abbosov), «Hayotda...» (Yolqin To‘ychiyev), «Shunqorlar» (Umid Hamdamov), «Bolalik sinovlari» (Hamidulla Hasanov), «Barakasini bersin» (Farhod Xudoyberdiyev), “Balli Kamoliddin!” (Elyor Hoshimov) filmlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ayni vaqtda davlat buyurtmasi asosida «Baron» (rejissyor Rustam Sa'diyev), «Oyqiz ertagi» (Akbar Bekturdiyev), «So‘nggi pushaymon» (Nozim Jumayev), «Zurriyod» (Abduxalil Mignorov), «Ma'suma» (Yolqin To‘ychiyev), «Kuzning bir kuni» (Zulfiqor Musoqov), «Toliqqan ko‘ngillar oyga talpinar» (Sobir Nazarmuhamedov) filmlarini suratga olish ishlari davom etmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish