Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiya Navoiydagi shifoxona jihozlanishi uchun 5 mln dollar mablag‘ ajratadi
Yaponiya Navoiy shahridagi ko‘p tarmoqli shifoxonaning zamonaviy texnikalar bilan jihozlanishi uchun 5 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratadi. Bu haqda Sputnik Yaponiya tashqi ishlar vazirligi spikeri Yasuxisa Kavamuraga asoslanib xabar tarqatdi.
Manbaning yozishicha, mazkur loyiha to‘liq davlat mablag‘lari evaziga amalga oshiriladi. Navoiydagi tibbiyot markazi yaponiyalik ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan o‘ta zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta'minlanadi.
Tomonlar Yaponiya bosh vazirining O‘zbekistonga qilgan tashrifi chog‘ida mazkur bitimni imzolashgan.
«Sog‘liqni saqlash — Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sanaladi. Biz mamlakatingizda tibbiy xizmat darajasini oshirishda yordam berayotganimizdan xursandmiz va mazkur loyiha bu yo‘nalishda yangi ramziy ma'noga ega bo‘ladi», — deya qayd etib o‘tdi Yasuxisa Kavamura.
O‘zbekistondagi shifoxona va maktablarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlashda Yaponiya hukumati bir necha marotaba yordam ko‘rsatib kelgan.
«Kichik ko‘lamdagi ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam» Dasturi asosida 1995 yildan buyon 340dan ortiq loyihalar uchun 22 mln dollardan ortiq mablag‘ ajratilgan.