O‘zbekiston | 15:20 / 27.10.2015
5836
2 daqiqa o‘qiladi

2016 yildan O‘zbekistonda MAN avtobuslari seriyali ishlab chiqariladi

2016 yilning fevral oyidan JV MAN Auto-Uzbekistan O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasida past polli “MAN A 22” shahar avtobuslari seriyali tarzda ishlab chiqarila boshlanadi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi doirasida tashkil etilgan “O‘zavtosanoat” AK korxonalarida avtomobillar uchun ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish” ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-konferensiyasida JV MAN Auto-Uzbekistan vakili Oybek Ayupov ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda tayyor shassiga kuzovni yig‘ish tamoyili asosida alyumin kuzovga ega, past polli va tabiiy gaz bilan harakatlanadigan shahar avtobuslarini ishlab chiqish o‘zlashtiriladi. Ayni paytda mazkur avtobusning tajriba namunasi “Toshshahartransxizmat” AK bilan hamkorlikda Toshkent ko‘chalarida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Avtobusning texnik xususiyatlariga kelsak, uch eshikli jamoat transportining uzunligi 12 metrni tashkil etib, 90 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. 12,816 sm3 sig‘imlik dvigatelining quvvati 310 ot kuchiga ega bo‘lib, EURO 5 talablariga javob beradi.

Ta'kidlanishicha, “MAN A 22” avtobusining ehtiyot va butlovchi qismlari ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish dasturi 4 bosqichda amalga oshirilib, 2015-2016 yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichda avtobus kuzovi karkasi, II bosqich (2016-2018 yy)da esa oynaplastikli detallar, old va yon oynalar, o‘rindiqlar, podramnik va kronshteynlar ishlab chiqarilishi o‘zlashtiriladi.

2018-2020 yillar(3- bosqich)da esa elektr jgut (tasma)lar, yoritkichlar, orqa tomonni ko‘rsatuvchi oynalar, pol qoplamalari va ichki jild, eshiklar, darparda (shtora), turli xil aksessuarlar (qulf, dasta, tasmalar) ishlab chiqariladi.

Ko‘rgazma-konferensiya chog‘ida o‘zbekistonlik ishbilarmonlarga mazkur ehtiyot qismlarining mahalliylashtirilishida ishtirok etishi uchun asosiy talablar to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish