Sport | 17:31 / 27.10.2015
6313
2 daqiqa o‘qiladi

«Bavariya» klubi rahbariyati Gvardiolaga ultimatum qo‘ydi

Germaniyaning «Bavariya» klubi rahbariyati jamoa bosh murabbiyi Xosep Gvardiolaning jamoada qolish yoki qolmaslik borasidagi qarorini cho‘zib yuborganidan hafsalasi pir bo‘lgan holda unga ultimatum qo‘ydi, deb yozmoqda «El Mundo Deportivo» nashri Germaniyaning «Sport1» telekanali bergan ma'lumotlarga tayanib.

Manbada yozilishicha, avvaliga nemis klubi rahbariyati ispaniyalik mutaxassisga oxirgi qarorini aytishi uchun 31 dekabrgacha ruxsat bergandi. Biroq bu muddat endi qisqartirildi. Natijada Gvardiola bu borada so‘nggi qarorini 27 noyabrgacha aytishi kerak bo‘ladi.

Gvardiola klubdagi kelajagi haqida berilgan savolga, «o‘zining ishi unga yoqishini, kelajagi borasida hali javob berishga erta ekani» haqida noaniq javoblar berib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Xosep Gvardiola 2016 yil yozidan Angliyaning «Manchester Siti» klubini boshqarishi haqida xabarlar tarqatilgandi.

Shuningdek, «Chelsi»da ko‘ngildagidek faoliyat olib bora olmayotgan Joze Mourinoning o‘rnini egallashi mumkinligi haqida ma'lumotlar bor.