Jahon | 18:50 / 27.10.2015
6314
2 daqiqa o‘qiladi

Koalitsiya "Chegara bilmas shifokorlar" tashkilotining Yamandagi shifoxonasini bombardimon qildi

Arabistonlik uchuvchilar Yaman hududida "Chegara bilmas shifokorlar" tashkilotining shifoxonasiga havo zarbalari yo‘lladi. Bu haqda tashkilot o‘z tvitteri orqali ma'lum qilgan.

"27 oktabrga o‘tar kechasi koalitsiya tomonidan Yamanning Sa'da shahrida "Chegara bilmas shifokorlar" tashkilotiga tegishli shifoxonasi binosi bombardimon qilindi. Bu vaqtda binoda bemorlar va shifoxona xodimlari bo‘lishgan", deyiladi xabarda.

Ushbu hujum jabrlanuvchilari haqida aniq ma'lumotlar yo‘q.

18 oktabr kuni Yamanda koalitsiyaning yanglish zarbasi tufayli 30 nafar ittifoqchi halok bo‘lgandi.

Ma'lumot uchun, Yamanda hukumat va isyonchi husiychilar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar 2014 yilning avgustidan buyon davom etib kelmoqda. Shu yilning yanvarida husiychilarning "Ansor Alloh" guruhi Yaman poytaxti bo‘lmish Sano shahrini ishg‘ol qilgan va prezident Abd Rabbo Mansur Hodiyni shahardan haydab chiqargan. Mansur Hodiy Yamandagi ikkinchi yirik shahar Adanga ko‘chib o‘tgan.

Isyonchilar Adanga ham hujum qilishgach, u 25 mart kuni Saudiya Arabistoniga boshpana so‘rab, murojaat qilishga majbur bo‘lgandi.

Shundan keyin, 26 mart kuni uning iltimosiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Yamanda qonuniy hukumatni tiklash maqsadida isyonchilarga qarshi harbiy amaliyotlarga kirishdi. Ko‘p o‘tmasdan Saudiya Arabistoni boshchilishidagi koalitsiyaga Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, Iordaniya, Marokash, Misr va Sudan ham kirdi.

Yamandagi qurolli to‘qnashuvning bir tomonida “Ansor Alloh” shialar harakatidan isyonchi xusiychilar va sobiq prezident Salohga moyil bo‘lgan armiyaning bir qismi, boshqa tomonda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiya kuchlari qo‘llab-quvvatlayotgan, mamlakatdan chiqib ketgan Abd Rabbo Mansur Hodiyning qo‘shinlari ishtirok etmoqda.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar qurbonlari 5 mingdan oshib ketgan.