Jahon | 19:04 / 27.10.2015
2512
2 daqiqa o‘qiladi

Kuvayt neft narxi tushishidan 60 foizdan ko‘proq daromadini yo‘qotdi

Kuvayt neft narxi tushishi tufayli 60 foizga yaqin daromadini yo‘qotdi. Bu haqda Kuvayt amiri Saboh IV mamlakat milliy yig‘ilishida aytib o‘tdi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bermoqda. 

Mamlakat yetakchisining aytishicha, iqtisodiy islohotlarni o‘tkazish, jumladan davlat xarajatlarini qisqartirish uchun qisqa muddatlarda shoshilinch choralar qabul qilish kerak.

Iyul oyida Kuvayt parlamenti 2016 yil uchun davlat byudjyetini qabul qilgan edi. Davlat byudjyeti oxirgi 16 yil ichida birinchi marta defitsit bilan tuzib chiqildi. Bu defitsit 7 mlrd dinorni (23,2 mlrd dollarni) tashkil qilmoqda.

Neft eksporti Kuvayt g‘aznasi daromadining 90 foizdan ko‘prog‘ini ta'minlaydi. Tanqislikka qaramasdan Kuvayt yaqin yillarda o‘zining xarajatlarini davlat zaxiralari hisobiga moliyalashtirishi mumkin. Hozirda bu zaxira 548 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.

Umuman olganda, 2015 yilda uglevodorodlar narxining pasayishi tufayli Yaqin Sharq davlatlari 360 mlrd dollar yo‘qotishdi. Yangi sharoitlarda mintaqadagi davlatlar xarajatlarni qisqartirib, zaxiradagi pullarni ishlatishga majbur bo‘lmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish