OAV: Neymarning onasi poraxo‘rlik jinoyatiga aralashganlikda gumon qilinmoqda
Madrid sudi "Barselona" jamoasining braziliyalik futbolchisi Neymarning onasiga ham o‘g‘lining 2013 yilda "Santos"dan Kataloniyaga kelishida yuz bergani gumon qilinayotgan poraxo‘rlik jinoyati bo‘yicha ayblov qo‘ymoqchi. Bu haqda Marsa nashri suddagi manbasiga asoslanib, xabar tarqatgan.
Futbolchining onasi Nadin Gonsalvesh da Silva Santos moliyaviy firibgarlik va poraxo‘rlikda ayblanishi mumkin.
Oxirgi paytlarda Neymarning transferi bilan bog‘liq shov-shuvli gaplar tinmayati. Uning “Santos”dan “Barselona”ga o‘tishini FIFA ham o‘rganib chiqishga qaror qildi. Bungacha prokuratura moliyaviy kelishuv borasida aniq xulosaga kela olmayotgandi. Ayni paytda tomonlar transfer summasining ma'lum qismini yashirishda ayblanmoqda.
Bir necha kun avval “Santos” futbolchini 6 oyga diskvalifikatsiya qilish va ma'lum miqdorda uning jarima to‘lashi lozimligini ta'kidlagandi. Aniqrog‘i, “Santos” prezidenti Modesto Roma shunday bayonot bilan chiqqandi. U ancha oldin klub FIFAga bu borada murojaat qilganini aytib o‘tgandi.
“May oyida tegishli ayblov yuzasidan dalillarni berganman. Neymar futbol kumiri hisoblansa-da, uni mas'uliyatli bo‘lishga chaqiramiz. Biz qo‘shilmaydigan ba'zi jihatlar bor. Uning “Barselona”ga o‘tishi shaffof bo‘lmagan. Buni Ispaniya va Braziliya prokuraturasi xodimlariga isbotlab berganmiz. Ushbu masala bo‘yicha holatni FIFA hal qilishini tushunamiz”, - deb aytgan Roma.
Biroq keyinchalik “Santos” hech qanday ariza yubormaganini ta'kidlagan. Klub huquqini himoya qilib, moliyaviy yo‘qotish uchun kompensatsiya olish maqsadida ekani to‘g‘risida bayonot bergan.
Eslatib o‘tamiz, Neymarning “Barselona”ga o‘tishi 57,1 million yevroga tushgan. Shundan 17,1 million “Santos”ga, 40 million esa Neymarning ota-onasi kompaniyasiga kelib tushgan. Ispan prokuraturasi aniqlashicha, kataloniyaliklarning sobiq rahbari Sandro Rosel bergan ma'lumotda transfer narxi 94,8 million yevroni tashkil etgani ko‘rsatilgan. Rosel soliq bo‘yicha firibgarlikda ayblangan. Shuningdek, hozirgi prezident Xosep Mariya Bartomeu ham ish boshidayoq transferning yuqori qiymatidan xabardor bo‘lgani aytilgan.
Bu ish nima bilan yakunlanishi ma'lum emas. FIFA barchasini o‘rganib chiqqandan keyin vaziyatga oydinlik kiritiladi. Shu o‘rinda braziliyalik hujumchi transferi taalluqli bo‘lgan 8 sud ishi haqida ma'lumot berib o‘tamiz.
Asosiy shaxslar
“Santos” Neymarning 55 foiziga egalik qilgan. Keyin 2009 yilning fevralida uning 40 foizini “DIS Esporte” va 2010 yilning noyabrida 5 foizini “Teisa” xususiy kompaniyalariga sotib yuborgan.
Bu ishda boshqa asosiy shaxslar – “Barselona”, Neymarlar oilasi va Jordi Kases (katalon klubi sososi). Jordining e'tirozi bu ishga turtki bergan. Sandro Rosel Neymarning transferi davrida “Barselona” prezidenti bo‘lgan. Xosep Bartomeu unga yordamchilik qilgan. Hozirgi kunda Bartomeu – prezident, Xaver Faus – uning o‘rinbosari. Karl-Xaynts Rummenigge – “Bavariya” boshlig‘i.
Hakamlar: Pablo Ruz – Ispaniyada tekshiruvni boshlagan inson. Hozir u ishni sudya Xose de la Mata bilan olib bormoqda. Braziliyadan surishtiruv ishlarini Karlos Muta o‘tkazgan. Xose Perals – ispan prokurori.
Nima sodir bo‘lgan?
2011 yilning dekabr oyida “Barselona” “Santos”ga Neymar bilan 2014 yilgacha shartnoma tuzish uchun 10 million yevro to‘lagan. Ba'zi manbalarda bu miqdor 14 millionni tashkil etgan. Yana ba'zilar o‘shandayoq transfer narxi 58 million yevro ekani yozilgani haqida ma'lumot bergan. “Vest Hem”, “Bavariya”, “Chelsi”, “Manchester Siti” va “Real Madrid” Neymarga 2008 yildan 2013 yilgacha qiziqish bildirgan. Neymar “Barselona”ga 2013 yilning iyunida ko‘chib o‘tdi. Yakuniy summa 57,1 milliondan iborat bo‘lgan. Dastlab “Barselona” “Santos”ga 17,1 million to‘lagan. Bundan 45 foizi “DIS” va “Teisa”ga to‘langan. Neymarlar oilasi 40 million olgan. Keyin bu raqam 86,2 millionga teng bo‘lgani aytildi.
1-ish
“DIS Esporte” “Santos”ga qarshi
“DIS” bu kelishuvdan atigi 7,9 million olganidan norozi bo‘lgan. Kompaniya “Santos”ning Neymar uchun hammasi bo‘lib 17,1 millionga ega bo‘lganiga ishonmagan. Oradan bir hafta o‘tib, “DIS” sarmoyachilari kelishuv amalga oshirilgan qog‘ozni ko‘rish uchun “Santos”ni sudga beradi. Braziliya klubi rostdan ham 17,1 million olgani ko‘rsatilgandi. Lekin Kataloniya klubi yana 7,9 millionni 3 nafar futbolchiga egalik qilish huquqi uchun pul to‘lagani oydinlashgan. Klublar bu to‘lov Neymarga taalluqli emasligini qayd etishgan. Yana shartnomada Neymar bilan “Barselona” “Santos”ga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazmasa, 4,5 million yevro to‘lashi haqida band bo‘lgan.
2-ish
Jordi Kases “Barselona”ga qarshi
Jordi Kases – Barselona tashqarisida yashovchi farmatsevt, katalon klubidan norozi sosos. 2013 yil dekabrda u sudga Neymar uchun aslida ko‘proq to‘langani haqida shikoyat xati kiritgan. Shunday qilib, fuqarolik ishidan hukumat tekshiruvi boshlangan. Ispaniyalik sudya Pablo Ruz ishni tinglashga rozi bo‘lgan. O‘sha paytdagi prezident Rosel keyingi kun iste'foga chiqqan. Bu 2014 yilning yanvarida ro‘y bergandi. Sud Neymar uchun 86,2 million to‘langanini e'tirof etgan. Jordi Bartomeu va uning o‘rinbosari Faus ham surishtiruvning bir qismi bo‘lishini istagan. Keyinchalik oktabr oyida Jordi odamlar uni ayblamasliklari uchun arizasini qaytarib olgan.
3-ish
Ispaniya Bartomeu va Fausga qarshi
Sudya Pablo Ruz Bartomeu va Fausni tekshirishga qaror qildi, biroq prokuror Xose Perals ishni sentabr oyida to‘xtatib qo‘yishga qaror qildi. Surishtiruvning qo‘p qismida gap sobiq prezidentga kelib taqaldi, transfer uning davrida amalga oshirilgandi. Perals soliqqa oid jinoyat bo‘yicha ham javobgarlik Rosel va klub zimmasiga tushishini ta'kidlagan. Bartomeu va Fausdan ayblov olib tashlandi. Ularning ishga taalluqli ekaniga isbotlar topilmadi.
4-ish
Ispaniya Rosel va uning do‘stlariga qarshi
Sudya Pablo Ruz hamon ishda. Lekin bu safar u Rosel, Bartomeu va “Barselona”ga milliy sud tomonidan kurash boshladi. Lekin Rosel juda aqlli chiqib qoldi. U nafaqat Ispaniya, balki Braziliya sudi tomonidan ham kuzatuv ostida edi. Ayblov tufayli Bartomeuga 2 yil va 3 oy, Roselga 7 yil va 6 oylik qamoq, shuningdek, mos raqishda 3,8 va 25,1 million yevro miqdorida jarima to‘lash so‘raldi. “Barselona”dan davlat g‘aznasiga 11,4 millionni qaytarib, 22,2 million jarima to‘lash talab etilardi. Sudya Xose de la Mata Pablo Ruzni almashtirib, ayni damda ishni olib bormoqda. U ishda dalillar yetarli ekanini aytib, ishni Kataloniya sudiga yo‘naltirdi. Bundan klub hayratga tushdi. Shu yilning iyul oyida Karl Xaynts Rummenigge Germaniyadan guvoh sifatida ishtirok etdi. “Bavariya” Neymarga qiziqqan, biroq rasman bu to‘g‘rida ma'lum qilmagan. Mata esa klublarning rasman qiziqish bildirgani haqida dalil qidirmoqda. Bu futbolchining aniq bahosini topishga yordam beradi. “Real”dan tashqari barcha bunday ma'lumot berishga rozi bo‘lmagan. Oktyabrda Mata “Santos”ning sotiq direktorlari - Alvaro va Rodrigesga ko‘rsatma berish to‘g‘risida so‘rov yubordi, biroq bunga javob olmadi.
5-ish
Ispaniya “Barselona”ga qarshi
2014 yil fevralda Pablo Ruz boshchiligidagi ispan sudi “Barselona”ni soliq bo‘yicha firibgarlik qilganda aybladi. “Barsa” direktori Sanlexi transfer qiymati 57,1 million bo‘lgani, biroq boshqa to‘lovlar tufayli summa 86,2 millionga yetganini ta'kidladi. 2014 yil fevralda kataloniyaliklar 13,5 millionni ko‘ngilli tarzda to‘lashgan. Buni transfer bilan bog‘liq savollarni yopish uchun amalga oshirgan.
6-ish
“Santos”Neymar va uning do‘stlariga qarshi
2015 yil mayda “Santos” FIFAga “Barsa”, Neymar, uning otasi va ularning kompaniyalari ustidan arz qilgan. Bu muammoni hal etish uchun klub FIFA tashkil qiladigan sport sudini xohlagan. Bu yerda Braziliya klubi bosh jabrlanuvchi. Klubga 57,1 milliondan 17,1 million summani to‘lashgan xolos. Shartnoma bo‘yicha ular ko‘proq mablag‘ olishlari lozim. Oktyabrda esa “Santos” Neymarning diskvalifikatsiyasini talab etishga haqqi borligi ma'lum bo‘ldi. FIFA intizom kodeksining 62, 17(3), 17,(5) moddalari bilan ayblanishi mumkin. Bunda jarima va futbolchini chetlatish haqida gap boradi.
7-ish
“DIS Esporte” Neymar va uning do‘stlariga qarshi
Futbolchining aniq transfer bahosidan keyin “DIS” kompaniyasi ham “Barselona”, Neymar, uning otasi va “Neymar Sport and Marketing” kompaniyasiga qarshi ish boshladi. Iyunda sudya Xose de la Mata ishni tinglashga rozi bo‘ldi.
8-ish
Braziliya Neymar va uning do‘stlariga qarshi
2015 yil sentabrda San-Paulo federal sudi Neymar va uning oilasi aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Sudya Neymar ba'zi daromad manbalarini yashirayotganini ma'lum qildi. Boshqa manba sifatida “Barselona” gavdalanmoqda. Oxir-oqibat sudya uch marta aktivlarni muzlatdi, lekin Neymar hamon bank hisoblarini boshqarmoqda.
Sport jurnalisti Behzod Nazarov materialidan foydalanildi