O‘zbekiston | 21:57 / 29.10.2015
3787
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda lokal qozonxonalar quriladi

Samarqand aholisi va ijtimoiy soha obektlarini kuz-qish mavsumida markazlashgan holda issiq suv va issiqlik manbai bilan ta'minlashda muammolar yuzaga kelayotgani sababli ko‘p qavatli uylar hamda ta'lim va tibbiyot muassasalarida lokal qozonxonalar tashkil etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar qilgan.

Jumladan, shaharning Sartepa maskanidagi bir qator xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari mazkur tizim asosida aholiga issiqlik manbai yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.

«O‘tgan yili "Qishloq qurilish bank“ning Samarqand viloyati filiali ajratgan kredit mablag‘i evaziga shirkatimiz xizmat ko‘rsatadigan 4ta to‘qqiz qavatli uyni issiqlik manbai bilan ta'minlash imkonini beradigan qozonxona keltirib o‘rnatdik», — dedi «Shohjahon Shermadad» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Sherzod Omonov.

Uning fikricha, o‘tgan mavsumda mazkur qozonxona orqali uchta uyga issiqlik manbai yetkazib berildi.

Samarqand shahar hokimligining bildirishicha, mavsumga tayyorgarlik yuzasidan tasdiqlangan manzilli dastur asosida shu paytga qadar 300ga yaqin ko‘p qavatli uyning tomi mukammal va joriy ta'mirlandi.

Shahar hududidagi mavzelar va mahallalarning 62 ming m2 hajmdagi ichki yo‘llariga asfalt yotqizildi. Shuningdek, ko‘p qavatli uy-joylar atrofidagi 61,61 ming m2 ichki yo‘l va yo‘laklarga beton qoplamasi yotqizildi.

Aholining tabiiy gaz va elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash maqsadida qariyb 5 kilometrlik gaz tarmog‘i, 80 km elektr tarmog‘i ta'mirlandi.

27-, 81- va 112-maktabgacha ta'lim muassasalarining tomi ta'mirlandi. Viloyat qon quyish markazi, ko‘z kasalliklari shifoxonasi va 1-shahar bolalar shifoxonasidagi ta'mirlash ishlarining so‘nggi bosqichi davom etmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish