Jahon | 00:35 / 29.10.2015
5255
3 daqiqa o‘qiladi

Suriyada o‘z joniga qasd qilgan askarning otasi o‘g‘lida buning alomatlarini aniqlamaganini aytmoqda

Suriyada harbiy xizmat o‘tayotgan paytda o‘zini osib qo‘ygan rossiyalik askar Vadim Kostenkoning otasi Aleksandr Kostenko o‘g‘lining tanasida osish alomatlarini aniqlamaganini Reuters axborot agentligi bilan suhbatda aytib o‘tdi.

“Uning tanasida o‘zini osganidan darak beruvchi izlar yo‘q. Prokuratura nima deyishini ko‘ramiz”, deb aytdi askarning otasi.

Suriyada xizmat o‘tayotgan 19 yoshli harbiyning o‘lgani 27 oktabrda ma'lum bo‘lgan. Bu haqda RBK nashri xabar bergan. Keyinroq bu ma'lumotni askarning yaqinlari tasdiqlagan.

Askar 28 oktabrda ona yurti – Krasnodar o‘lkasidagi Grechanaya Balka xutorida dafn etildi. Reuters agentligining ma'lum qilishicha, askar harbiy kiyimda, bo‘yni kiyimining yoqasi bilan berkitilgan holda dafn etilgan. Askarning burnida qon talash jarohati ko‘rinib turgan.

Reuters bilan yashirincha suhbatlashgan zobitning aytishicha, askarning tanasini safdoshlari aniqlagan va “u o‘z joniga qasd qilgani” ko‘rinib turgan. Askarning telefonida sevgilisiga 10 marta javobsiz qolgan qo‘ng‘iroqni amalga oshirgani aniqlangan.

Rossiya Mudofaa vazirligi shu kuning o‘zida askar halok bo‘lganini tasdiqladi. Vazirlikning tasdiqlashicha, askar shaxsiy sabablar tufayli o‘z joniga qasd qilgan. Mudofaa vazirligi askarning telefonida aniqlangan sms-xabarlar tahlili asosida yigit sevgilisi bilan munosabatlariga putur yetgani sabab o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xulosaga kelgan. Bosh harbiy prokuratura ma'lumotlariga ko‘ra, dastlabki tekshiruvlar askar o‘zini osib qo‘yganidan darak bermoqda.

Avvalroq marhumnig ota-onasi o‘g‘illarining o‘z joniga qasd qilganiga ishonmasliklarini aytishgan.

O‘zini askarning amakisi deb tanishtirgan erkakning aytishicha, yigitning jag‘i singan va boshi yorilgan holda bo‘lgan. “Bo‘yni ham singan, badani kindigicha yorilgan edi”, deb aytdi erkak.

Bosh harbiy prokuratura askarning o‘limi yuzasidan tekshiruv boshladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish