Jahon | 10:01 / 29.10.2015
15737
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyada rossiyalik harbiy xizmatchi nega joniga qasd qilgani aytildi

Rossiyaning Suriyadagi kontingetida xizmat o‘tayotgan oddiy askar Kostenko halok bo‘lgani yuzasidan ushbu mamlakat mudofaa vazirligi rasmiy bayonot berdi.
Aytilishicha, Kostenko to‘y va avtomobilga pul ishlash uchun o‘z ixtiyori bilan Suriya operatsiyasiga qo‘shilgan. U doimiy ravishda sevgan qizi Tatyana Suprun bilan telefon orqali muloqot qilgan.

Uning telefonlaridagi SMS-xabarlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, ular o‘rtasidagi munosabatlar ancha murakkab bo‘lgan: qiz muloqot o‘rnatish tashabbusini ko‘rsatmagan, yigitning xabarlariga esa qo‘pol javoblar bergan.
24 oktabr kuni Kostenko qizga qo‘ng‘iroq qilgan, ammo qiz mehmonda ekanligini aytib, muloqot qilishdan bosh tortgan.

O‘sha kuni askar ota-onasi bilan telefon orqali yarim soat gaplashgan va, xizmatdoshlarining ta'kidlashicha, ancha mamnun va xursand ko‘ringan.
Soat 16:00da u harbiy mashinaga minib, avtopark tomon ketgan. Oradan bir muddat o‘tib uning tanasi topilgan. Uning ikkala telefonida ham oxirgi qo‘ng‘iroqlar sevgan qiziga yo‘llangan edi, ammo, ta'kidlanishicha, 10ga yaqin qo‘ng‘iroqqa Suprun javob bermagan.

Ayrimlar bu versiyani shubha ostiga olmoqda hamda Kostenkoning o‘z joniga qasd qilishiga asos ko‘rmayaptilar. Jumladan, Tatyana Suprun ularning munosabati yaxshi bo‘lganligini, oxirgi kuni telefondan gaplashganlarini ta'kidlamoqda.
Vadim Kostenko Krasnodar o‘lkasining Grechanaya Balka qishlog‘ida dafn etildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish