Jahon | 10:47 / 01.11.2015
4351
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya FVV: A-321 samolyoti halokatida qurbon bo‘lganlarning barcha jasadlari topiladi

Misrda halokatga uchragan A-321 samolyoti yo‘lovchilarining jasadlarini qidirish ishlari yaqin vaqt ichida tugallanadi. Bu haqda 1 noyabr kuni "Rossiya 24" kanali efirida RF FVV rahbari Vladimir Puchkov ma'lum qildi.

"Men yaqin vaqt ichida misrlik hamkasblarimiz bilan barcha qurbonlarning jasadlarini qidirish ishlarini yakunlashimizga aminman", deydi Misr poytaxtiga yetib borgan Puchkov.

U halokat qurbonlarining yaqinlariga zarur yordamlar ko‘rsatilishini ham ma'lum qilgan.

Ayni vaqtda Rossiya FVV rahbari Vladimir Puchkov, Rossiya transport vaziri Maksim Sokolov va Rosaviatsiya rahbari Aleksandr Neradko hamda Davlatlararo aviatsiya komiteti vakillari Sinayda Airbus A321 qulashi bilan bog‘liq tekshiruvlarda ishtirok etish uchun Misrga yetib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, 31 oktabr kuni Misr vaqti bilan 6:51 da (Toshkent vaqti bilan 9:51) Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Sharm ash-Shayx — Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha 9268 reysini amalga oshirayotgan Airbus-321 layneri parvozga ko‘tarilgandan 23 daqiqa o‘tib radarlar ekranidan yo‘qoldi. Mazkur samolyot bortida 217 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish