Jahon | 20:29 / 01.11.2015
2874
5 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadagi parlament saylovida ovoz berish jarayoni yakunlandi

Bugun, 1 noyabr kuni Turkiyada muddatidan avval parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Ayni vaqtda saylovda ovoz berish jarayoni yakunlandi va MSK byulletenlarni hisoblashga kirishdi. Bu haqda The Guardian nashri xabar qildi.

"Saylov natijalari yaqin soatlarda ma'lum bo‘la boshlaydi. Xalqaro kuzatuvchilar ovozlarni hisoblash jarayonini diqqat bilan kuzatishmoqda", deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Turkiyadagi saylovlarda jiddiy hodisalar kuzatilmagan. Politsiya va jandarmeriya kuchaytirilgan xavfsizlik choralarini ko‘rgan. Saylov uchastkalari yaqinida tartibni saqlash qismlari navbatchilik qilmoqda. Asosiy chorrahalarga qo‘shimcha postlar tashkil etilgan.

Tahlilchilar bugungi saylov yakunlariga ko‘ra mamlakatda 13 yildan buyon hukmronlik qilib kelayotgan, amaldagi bosh vazir Ahmad Dovudo‘g‘lu boshchiligidagi Adolat va Taraqqiyot partiyasi g‘olib bo‘lishini bashorat qilishmoqda.

1 noyabr kuni Turkiyaning 56 milliondan ziyodroq fuqarolari muddatdan oldingi parlament saylovlarida qatnashdi. Saylovlarda 16ta partiya va 21 nafar mustaqil nomzod ishtirok etdi. Shu maqsadda mamlakatda 175 ming ovoz berish nuqtalarida ish olib borildi.

Turkiya Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan saylovlarda ovoz bergan fuqarolar soni umumiy miqdorning 86 foizini tashkil etib, o‘tgan yillardagi eng yuqori natija qayd etildi.

Saylovlar xavfsizligini ta'minlashga 380 ming nafardan ziyod huquq-tartibot organlari safarbar qilingan.

Mamlakatdagi asosiy to‘rtta siyosiy kuch dasturlari deyarli o‘zgarishsiz qolgan. Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) uning tashabbusi bilan boshlangan yirik infratuzilmaviy loyihalarni yakuniga yetkazish, avvalroq qabul qilingan 2023 yilga qadar rivojlanish dasturi doirasida harakat qilish, ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirish, yoshlar masalasi bilan shug‘ullanishni va'da bermoqda. Partiya, shuningdek, yangi konstitutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish, kurdlar masalasini hal etish, mamlakat ichkarisida terrorizm masalasiga uzil-kesil nuqta qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Muxolifatdagi Xalq respublikasi partiyasi (XRP) va Milliy harakat partiyasi (MHP) o‘xshash dasturlarga ega bo‘lib, ijtimoiy to‘lovlar hajmini yuksaltirish, kambag‘al va imkoniyati cheklanganlarga moddiy yordam ko‘rsatish, eng kam maosh miqdorini ko‘tarish, ishchi o‘rinlari sonini oshirishni va'da qilmoqda. XRP mamlakatda poraxo‘rlikka qarshi kurash rejasidan voz kechgani yo‘q. Muxolifat ATP ma'muriyatini ularning ko‘plab mintaqaviy qo‘shnilari bilan munosabatlarda keskinlikni keltirib chiqargan, shuningdek, Turkiyaning Suriyaga nisbatan tutgan siyosatining barbod bo‘lishiga olib kelgan tashqi siyosatini qattiq tanqid qildi.

Kurdlarning Xalqlar demokratiyasi partiyasi (XDP) esa 7 iyunda bo‘lgani kabi o‘z atrofiga kurdlardan tashqari, boshqa partiyalar atrofida birlashmagan saylovchilarni ham jamlamoqda. Biroq Kurdiston ishchi partiyasi bilan bog‘liq voqea-hodisalardan so‘ng ko‘pchilik mutaxassislar tomonidan mazkur partiyaga bo‘lgan ishonchga darz yetgani aytilmoqda.

Avval bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, mamlakat bosh vaziri Ahmad Dovuto‘g‘lining ATP saylovlarda 40,6 foiz ovoz to‘plab yetakchilik qilgan edi. Biroq ular parlamentdagi 550 o‘rinning 258tasini egallab, konstitutsion ko‘pchilik maqomiga ega bo‘lish uchun to‘planish lozim bo‘lgan 276ta o‘rinni qo‘lga kirita olmagan edi. Shunday qilib, 12,5 yil ichida birinchi marta hukmron bo‘lib kelgan partiya o‘z mavqeyining pastlashuviga guvoh bo‘ldi. XRP va XDP partiyalari 2011 yildagi natijalarini oshirishga muvaffaq bo‘ldi va 132 hamda 80 deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritdi. Shu yo‘l bilan XDP so‘nggi 12 yil ichida ilk bor Majlisdagi 80 o‘rinni egallab, mamlakatdagi to‘rtinchi eng yirik partiya maqomiga ega bo‘ldi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish