Texnologiya | 14:21 / 01.11.2015
2490
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada “Senday” AESning ikkinchi reaktori to‘liq quvvatda ishlashga o‘tdi

Kyushu Electric Power Co kompaniyasi mutaxassislari mamlakatda 2011 yilda "Fukusima-1" AESda ro‘y bergan avariyadan so‘ng birinchi bo‘lib o‘z ishini boshlagan “Senday” AESning ikkinchi energobloki reaktori ham to‘liq quvvatda ishga tushirildi.
NHK telkanalining qayd etishicha, noyabr oyida biror texnik muammo kuzatilmasa, sanoat miqyosida energiya ishlab chiqarilishiga o‘tiladi.
2015 yil 15 oktabr kuni Yaponiya janubi-g‘arbidagi Kagosima prefekturasida "Senday" AESning ikkinchi reaktori ishga tushirilgan edi. 21 oktabrdan esa reaktordan elektr energiyasi olinishi boshlandi. "Senday" stansiyasining birinchi energobloki 11 avgust kuni ish boshlagan edi. Har ikki blokning quvvati 890 MVt ni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, "Fukusima-1" AESdagi avariyaga qadar atom energetikasi Yaponiyaning elektr energiyasiga bo‘lgan talabining 30 foizini qoplab kelgan. Avariya chog‘ida ko‘p miqdordagi radiatsiya suv va havoga chiqarib yuborilgani bois ayni paytda ham stansiya yaqinidagi ayrim hududlar yashash uchun yaroqsiz holda qolmoqda. Bugungi kunda esa Yaponiyadagi 13 ta AESning 20 ta reaktori tekshiruvdan o‘tkazilib, ularning 2013 yil yozida o‘rnatilgan yangi xavfsizlik standartlariga mosligi o‘rganilmoqda. "Senday" AES birinchi reaktorining yangi xavfsizlik talablariga mos ekanligi esa o‘tgan yili mamlakat bosh atom nazoratchisi tomonidan tasdiqlangan edi.
Mamlakat to‘liq atom energetikasisiz qariyb ikki yil – 2013 yilning sentabr oyidan buyon yashab kelmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish