Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyadagi aeroportdan topilgan bombalar tufayli yettita reys bekor qilindi
Germaniyaning Dyusseldorf aeroportida 2 noyabr kuni Ikkinchi jahon urushi vaqtida portlamay qolgan bombalar topildi. 250 kilogramm vaznga ega snaryadlar aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi hududida, qoplamalardan chetroqda tuproq ostida saqlanib qolgan ekan. Bu haqda DW nashri xabar bermoqda.
Aeroport vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bombalar kislotali portlovchi modda bilan to‘yintirilgani bois zararsizlantirishning imkoni yo‘q, deb topilib, mutaxassislar tomonidan portlatib yuborildi.
Bombalarni bartaraf etish vaqtida rejalashtirilgan 38ta uchish va qo‘nishlar kechroq muddatga ortga surildi. Yettita reys bekor qilindi.
Aeroport vakilining aytishicha, yo‘lovchilar va fuqarolarga hech qanday xavf tug‘ilmagan. Ayni paytda aeroport odatdagi tartibda faoliyati ko‘rsatmoqda. Urush davridan qolgan bombalarni qidirish ishlari noyabr oyida davom ettiriladi.
Ma'lumot uchun, har yili Germaniyada 5,5 mingga yaqin portlamay qolgan Ikkinchi jahon urushi “qoldiq”lari aniqlanib, zararsizlantiriladi. Ularning aksariyati Berlin (68 ming tonna), Gamburg (45 ming tonna) va Rurs viloyati (162 ming tonna) hududiga tashlangan.