O‘zbekiston | 22:34 / 02.11.2015
5309
2 daqiqa o‘qiladi

Nemislar Eron-O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha sayyohlik poyezdini yo‘lga qo‘yishadi

Germaniyaning Lernidee Erlebnisreise GmbH kompaniyasi 2016 yilda uchta davlat – O‘zbekiston, Turkmaniston va Eron hududlaridan o‘tuvchi sayyohlik poyezdini yo‘lga qo‘ymoqchi, deb xabar berdi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJdagi manbaga iqtibos keltirgan holda Sputnik nashri.

Manbaning aytishicha, nemis kompaniyasi vakillari Eronda muzokaralar o‘tkazishdi va bu davlat temiryo‘l ma'muriyatining roziligini oldilar.

“Yaqinda Lernidee vakillari “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga shunday poyezdni tashkil qilish taklifini bildirgan edi. Yo‘nalish Buyuk ipak yo‘li yo‘llaridan biri orqali o‘tadi. Uning asosini O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab sayyohatlar tashkil qiladi”, deb ta'kidlab o‘tdi manba.

Yo‘nalish Tehrondan boshlanib, Ashxobod, O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Urganch shaharlari orqali o‘tib, Toshkentda yakunlanadi.

Nemis kompaniyasining ma'lumotlariga ko‘ra, bu sayyohlik mahsuloti asosan yevropalik sayyohatchilar uchun mo‘ljallanadi. Sayyohatchilarni jalb qilish maqsadida vagonlarni qadimiy sharq uslubida, mahalliy me'morchilikning eng yaxshi an'analaridan foydalangan holda bezash rejalashtirilmoqda.

Vagonlarni bezashda shuningdek xorijda mashhur bo‘lgan adras, atlas matolari va tabiiy gilamlardan foydalanish ko‘zda tutilgan..

Bu nemis kompaniyasining Markaziy Osiyoda bunday loyihalarni tashkil etish bo‘yicha birinchi tajribasi emas. Kompaniya 2013 yilning sentabrida Toshkent-Qamashi-Kitob-Buxoro-Urganch-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha Orient Silk Road Express sayyohlik poyezdini muvaffaqiyatli ravishda yo‘lga qo‘ygan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish