Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oyatulloh Ali Hameneiy: Eron va AQShning mintaqadagi muammolarga munosabatlari tubdan farqlanadi
AQSh bilan Yaqin Sharqdagi muammolar bo‘yicha muzokaralar olib borish hech qanday ma'noga ega emas, chunki Tehron va Vashington ular borasida diametral qarama-qarshi fikrga ega. Bu haqda Eron Islom Respublikasining oliy diniy yetakchisi va rahbari oyatulloh Ali Hameneiy mamlakat tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif va eronlik diplomatlar bilan uchrashuvida aytib o‘tdi.
“Yaqin Sharqdagi muammolarni yechish borasida Eron va AQSh diametral qarama-qarshi fikrlarga egalar va AQSh bilan bu borada muzokaralar olib borish befoyda. Bizning Suriya, Yaman va Bahrayndagi vaziyatlarga munosabatimiz AQShning maqsadlaridan 180 gradusga farqlanadi”, deb ta'kidlab o‘tdi oyatulloh.
Shu bilan birga Hameneiy diplomatik korpusni “Eronning uzoq muddatli manfaatlarini hisobga olib va mintaqadagi davlatlar rahbariyatlarining turli siyosiy qarashlariga qaramasdan, qo‘shni davlatlarga nisbatan samarali va tinchliksevar tashqi siyosat yuritishga” chaqirdi.
Oyatulloh AQShni uning tashqi siyosati G‘arbiy Osiyoga betartiblik olib kelganini ta'kidlab, Eron Vashingtonning tashqi siyosatdagi gegemonligiga tinchgina qarab turish niyatida emasligini aytdi. Hameneiy AQSh Yaqin Sharqqa aloqasi yo‘qligi va “mintaqaning asosiy muammolari yechimining bir qismi emasligini” ta'kidlab o‘tdi. U Eronning tashqi siyosatdagi tamoyillari boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslikdan iborat ekanligini yana bir bor ta'kidlab o‘tdi.