Sport | 20:16 / 04.11.2015
4140
2 daqiqa o‘qiladi

Ro‘ziqul Berdiyev: Gadoyev istasa, boshqa jamoaga ketishi mumkin

"Nasaf" - "Paxtakor" (0:1) uchrashuvi yakunlanganidan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga dastlab "Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev javob berdi.

"Bugun biz g‘alaba uchun kurashdik. Futbolchilarimiz kurashishdi, intilishdi. Buning uchun ularga rahmat aytaman. O‘yin bitta golga qadar davom etdi. Jamoamiz gol o‘tkazib yuborgach, amalda uchrashuv taqdiri hal etildi.

Artur Gevorkyanning kutilgan o‘yinni namoyish eta olmasligiga sabab unda kichik jarohat bor edi. "Dinamo"ga qarshi bahsda jarohat olib maydonni tark etgandi. Shunga qaramay Gevorkyan bugun o‘ynadi va jonbozlik ko‘rsatdi. Artur jamoamizning so‘nggi mashg‘ulotlarini o‘tkazib yuborgandi. Faqatgina kecha o‘yin oldidan jamoamiz bilan bir guruhda shug‘ullangandi.

Shuningdek, asosiy darvozabonimiz Eldor Suyunov ham jarohati bois jamoamizga ko‘maklasha olmadi. Bu narsa ham mag‘lubiyatga o‘z ta'sirini o‘tkazdi.

No‘'mon Hasanov bilan esa o‘rtamizda hech qanday muammo yo‘q.

Gadoyev? Biz so‘nggi o‘yinlarda ko‘p marotaba Gadoyevni almashtirdik. Sababi uning o‘yinidan qoniqmayapmiz. Agarda biror muxlis uning o‘yinini maqtasa, demak u futbolni yaxshi tushunmas ekan. Aytishim mumkinki, agarda Gadoyevni jamoamizda nimadir qoniqtirmayotgan bo‘lsa, biz bemalol uning o‘rniga boshqa futbolchi izlashimiz mumkin. Shohruh Gadoyevning boshqa qarori bo‘lsa biz unga qarshilik ko‘rsatmaymiz", - dedi Ro‘ziqul Berdiyev.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish