Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: Namangan xonadonlariga issiqlik yetib boradimi?
Namangan shahridagi xonadonlarni qish mavsumida isitish masalasi deyarli har yil o‘tkir bahslarga sabab bo‘ladi. Agar hovlilarda har bir kishi o‘z kunini o‘zi ko‘rsa, ko‘p xonadonli uylarda istiqomat qiluvchi aholi “Issiqlik manbai” korxonasidan umid qilishga majbur.

Jurnalist Igor Reshetnikovning “Novosti Uzbekistana” nashrida chop etilgan maqolasida ta'kidlanishicha, shaharning ayrim mittitumanlarida 2008 yildan buyon markaziy isitish tizimi ishlamaydi. Misol tariqasida u 7-mittituman aholisi bilan o‘tkazgan suhbatlari xulosalarini keltirdi. Ushbu hududda yashovchilarning bir ovozdan ta'kidlashicha, ko‘p bora kapital ta'mirlash ishlari olib borilganligi e'tirof etilganligiga qaramay, hozirga qadar ko‘p qavatli uylarni isitish yo‘lga qo‘yilmagan.

Bu borada aholi ko‘p marotaba “Issiqlik manbai”ga murojaat qilishgan, ammo bu natija keltirmagan.
“Shunga o‘xshagan vaziyat 1 va 2-mittitumanlardagi xonadonlarda ham kuzatilmoqda”, - deb yozadi muallif.
Korxona direktori vazifani bajaruvchi Olimjon Abdullayevning tushuntirishicha, isitish mavsumiga tayyorgarlik ishlari kech boshlangan. Ta'mirlash ishlariga mablag‘ sentabrdagina ajratila boshlangan. Bundan tashqari, ta'kidlanishicha, viloyat boshqarmasi ajratgan 400 mln so‘m barcha ishlarni yakunlash imkonini bermaydi.

“Bu pullar bilan 31 isitish qozonida joriy ta'mirlash ishlari o‘tkaziladi, bittasi kapital ta'mirdan o‘tkaziladi, 24ta qozon esa ekspluatatsiyaga hozirlanadi, - dedi Abdullayev. – Shuningdek, 4.6 km issiqlik magistrallari, 6.8 km joriy magistrallar ta'mirdan o‘tkazilmoqda, 7 km magistrallarda izolyatsiya o‘tkazildi”.
Bundan tashqari, materialda ta'kidlanishicha, aholi tomonidan vaqtida to‘lovlarning amalga oshirilmasligi ham tayyorgarlik ishlarini bir qadar susaytirmoqda.