Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Lokomotiv»: «Beshiktosh» bilan o‘yin vaqtida mahalliy politsiya tribunadagi moskvalik muxlislarga kuch ishlatdi
Yevropa Ligasi doirasida 5 noyabr kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan «Beshiktosh» va «Lokomotiv» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda tomoshabinlar xavfsizlik darajasi UYeFA normalariga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Moskvaning «Lokomotiv» klubi bayonotida yozib qoldirilgan.
«Fikrimizcha, Istanbuldagi o‘yin tomoshabinlar xavfsizligi darajasi bo‘yicha UYeFA talablariga umuman javob bermaydi. Xuddi shunday shikoyat «Lokomotiv» FK klubi delegatsiyasi tomonidan ham bildirilgan», – deyiladi klub rasmiy saytida berilgan xabarda.
Bayonotda yozilishicha, jamoa muxlislar uchrashuv davomida, shuningdek, uchrashuvdan oldin va keyin ko‘cha-ko‘yda bir necha marotaba turkiyalik muxlislarning hujumlariga uchragan.
«Istanbulga tashrif davomida muxlislarimizga sovuq qurollar bilan hujum qilishdi. Ochiqchasiga provakatsiyalar uyushtirildi. O‘yin vaqtida esa mehmonlar sektori tomon turli metall buyumlar uloqtirildi. Ammo tashkilotchilar tomonidan o‘z vaqtida bunga chora ko‘rilmadi», - deb yoziladi bayonotda.
Shuningdek, klub bergan ma'lumotga ko‘ra, mahalliy politsiya xodimlari ham ularga o‘ta qo‘pol muomalada bo‘lgan, o‘yin vaqtida tribunadagi mehmon jamoa muxlislariga politsiya tayoqlari orqali kuch ishlatilgan.
Hozirda jamoa mazkur masalada chora ko‘rish uchun UYeFAga faktlar tushirilgan shikoyatni jo‘natishni rejalashtirmoqda.