Jahon | 07:17 / 06.11.2015
2480
2 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyev Fransiyada 5 mlrd dollarlik shartnomalarni imzoladi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning Fransiya prezidenti Fransua Ollandning taklifi bilan Fransiyaga uyushtirgan rasmiy tashrifi doirasida 5 noyabrda Parijda uning Fransiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.     

Uchrashuvda Airbus, Alstom Transport, Vicat, Soufflet, Rothschild Group, Veolia Asia, Areva va boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. Nursulton Nazarboyev barcha yig‘ilganlarga Qozog‘istonga bildirgan qiziqishlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

Ushbu tashrif natijalariga ko‘ra Qozog‘istondan tashrif buyurgan biznes-delegatsiya vakillari fransiyalik tadbirkorlar bilan umumiy qiymati 5 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qiladigan shartnomalar imzoladi. Qozoq elboshisi Fransiyani Qozog‘istonning yetakchi iqtisodiy va Yevropa Ittifoqidagi bosh savdo hamkori deb atadi.    

Nazarboyevning ta'kidlashicha, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi oxirgi yillarda 6 mlrd dollar darajasida ushlanib turibdi. Uning aytishicha, bugungi kunda Qozog‘istonda turli sohalarda 130 ta fransuz kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Oxirgi o‘n yil ichida Fransiyaning Qozog‘iston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari 12 mlrd dollarga yaqinni tashkil qildi.    

Nazarboyev fransiyalik investorlarni o‘zaro manfaatli hamkorlikka chaqirdi va Qozog‘istonda ishlash uchun eng maqbul sharoitlar yaratilayotganidan voqif qildi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston prezidenti Fransiya ishbilarmonlik doiralariga “Nurli jo‘l” dasturi,  “Ekspo-2017” ko‘rgazmasini o‘tkazishga tayyorgarlik, Qozog‘istonning Xitoyning “Ipak yo‘li” dasturidagi ishtiroki haqida ma'lumotlar berdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish