O‘zbekiston | 00:20 / 07.11.2015
6626
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv otryadlari bir qator zamonaviy texnikalar bilan ta'minlandi

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi institutida yangi avariya-qutqaruv avtomobillari va qurilmalarini tantanali topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari xodimlari, Gidrometeorologik xizmat markazi, Davlat geologiya va mineral resurlar qo‘mitasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimiyatlari mutaxassislari va jurnalistlar ishtirok etdilar.

Favqulodda vaziyatlar vaziri T.Xudoyberganov va boshqalar bizning davlatda fuqarolarning xavfsizligi va farovonligini ta'minlash, favqulodda vaziyatlar yuz berishini samarali prognoz qilish va ogohlantirishga katta ahamiyat berilayotganini ta'kidlab o‘tdilar. Bu yo‘nalishdagi muhim ishlardan biri FVVning barcha xizmatlari va bo‘linmalarini yangi, zamonaviy texnik vositalar va qurilmalar, vatanimizda ishlab chiqarilgan avtomobil texnikasi bilan ta'minlash hisoblanadi.

Shu munosabat bilan mamlakatimizda «MAN» va «Isuzu» avtomobillari shassisi negizida avariya-qutqaruv mashinalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2011 yilda dastlabki shunday avtomobillar qutqaruv otryadlari ixtiyoriga berildi. O‘tgan vaqt mobaynida mazkur avtomobillar mamlakatimizning olis aholi punkti va tumanlarida havo harorati yuqori va past darajada bo‘lgan holatlarda ham ishlashga qodirligi va ishonchliligini namoyon etdi. Ayni paytda vazirlik xodimlari tomonidan foydalanilayotgan avtomobillarning 60 foizi yurtimizda ishlab chiqarilgan. Joriy yilda Xorazm, Samarqand va Buxoro viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmalariga «Isuzu» avariya-qutqaruv mashinalari, «Qamchiq» qidiruv-qutqaruv otryadiga 50 tonna quvvatga ega «MAN» evakuatori topshirildi.

“Qishda dovonda havo harorati 25 darajagacha sovushi mumkin, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining «Qamchiq» qidiruv-qutqaruv otryadi shtabi boshlig‘i Z.Abdullayev. – Shuning uchun bizga sovuqqa chidamli, ekstremal tog‘ sharoitida ishlashga qodir texnika zarur. Yangi evakuator o‘zining texnik xususiyatlari bo‘yicha bizga ma'qul keldi. Mazkur texnika dovon bo‘ylab ko‘p yuk ko‘taradigan avtomobillarning harakatlanishini yaxshilash va yuz berishi mumkin bo‘lgan turli favqulodda vaziyatlarni tezkor bartaraf etish imkonini beradi”.

Tadbirda yangi uskunalar va ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalarining imkoniyatlari namoyish qilindi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish