O‘zbekiston | 17:20 / 08.11.2015
8241
10 daqiqa o‘qiladi

Oila, sog‘liq va boylik qadri yoxud Treysining Toshkentda deganlari

“Turkiston” san'at saroyi yaqinida tushirgan birinchi suratim yaxshi chiqmadi. Saroyga juda yaqinlashib qolganimdan bo‘lsa kerak, kamera uning oldidagi butun jarayonni qamrab ololmadi. Biroz orqaga tisarilib, bino atrofida o‘rmalashib yurgan barcha odamlarni kamera orqali “ko‘rish”ga harakat qildim.

Ichkariga kirdik. Bir-biridan go‘zal qizlar yoqimli tabassum bilan tashrif buyurgan mehmonlarga yo‘l ko‘rsatib turdi. Homiylar va hamkorlarning mahsulotlariga, reklama stendlariga to‘lib-toshgan foyening bezagi bo‘lib turgan ulkan banneri oldiga uymalanib olgan yoshlar uning fonida bot-bot suratga tushar, fotoapparatlar chirog‘ining yonib-o‘chishi qandillar yorug‘ida xira aks etardi.

Olomon ichida kimlar yo‘q deysiz. Ko‘zga ko‘ringan biznesmenlar, kompaniyalar rahbarlari, katta-kichik tadbirkorlar, jurnalistlar, san'atkorlar. So‘rab-surishtirib ko‘rsam, tadbirga marketologlardan tortib talabalargacha tashrif buyurishibdi.
Albatta! AQShning eng mashhur biznes-treneri, self-diviloupment bo‘yicha o‘nlab kitoblar muallifi, mashhur notiq va motivator Brayan birinchi marta Toshkentga keldi! Bunday imkoniyatni soha bilan tanish hech kim qo‘ldan boy berishni istamaydi.

71 yoshli Treysi shu bugunga qadar yoshiga mos tarzda dunyoning 71 mamlakatida bo‘lib ulgurgan. O‘zbekiston u ko‘rgan 72-mamlakat bo‘ldi. Uning hayotda o‘z o‘rnini qidirayotgan insonlarga qarata aytilgan maslahatlari va dalda so‘zlarini o‘zida jamlagan kitoblari 42 tilga tarjima qilingan. Minglab kompaniyalar o‘z biznes strategiyasini ishlab chiqishda taniqli biznes-guruga murojaat qilgan. O‘n minglab kilometr uzoqdan, okean osha bizning uyimizga kelgan bu insonning tashrifidan unumli foydalanib, uning donishmandligidan shingillar uzib qolish imkoniyati nafaqat biznes vakillari, balki foydali va baxtli odam bo‘lishga intilayotgan barchani o‘ziga jalb qilgan ko‘rinadi.

Darvoqe, foyeda uyushtirilgan ko‘rgazmaning eng diqqatga sazovor aksiyasini e'tirof etmay bo‘lmaydi. UCell banneri ostida joylashtirilgan uchta shaxmat taxtasi oldida bamaylixotir aylanib yurgan taniqli shaxmat ustasi mehmonlarga murakkab masalalarini yechishni taklif qilardi. Shaxmatga befarq bo‘lmagan yigitlar taxta atrofida uymalashib, taqdim etilgan masalani hal qilishga muvaffaqiyatsiz tarzda urinar ekan, sport ustasi mutlaq aqliy ustunlik ifodalangan qiyofa bilan keyingi taxta tomon yo‘l olardi.

Yana bir qiziq fakt ko‘zimga tashlandi: tadbir axborot hamkorlarining deyarli barchasi internet nashrlari ekan. Sir emaski, O‘zbekistonda hanuzgacha internet jurnalistikasiga bepisand munosabat ko‘rgizadigan, saytlarni “uyda o‘tirgan bekorchilar” yuritadigan, yolg‘on-yashiq xabar tarqatadigan nojiddiy manba deb baholaydiganlar uchrab turadi. Lekin, buni qarangki, Treysining tashrifiday muhim va yirik hodisaning tashkil etilishi va yoritilishida aynan o‘sha “bekorchilar” asosiy o‘rin tutibdi. Internet jurnalistikasi bizda ham ijtimoiy ahamiyatga ega harakatga aylanayotganini, onlayn-resurslar ko‘lami va auditoriyasiga ko‘ra radio va gazeta-jurnallardan qolishmayotgani, hatto ba'zi jihatdan o‘zib ketayotganini ayrimlar bilib qo‘ysa maqsadga muvofiq bo‘lur edi.

Nihoyat, zalga taklif qilindik. Boshlovchi Arsen Dlyanskiy, o‘ziga xos uslubda tomoshabinlar diqqatini jalb qila olganiga qaramay, xorijlik mehmonni ko‘rish ilinjida o‘zini qo‘yarga yer topa olmayotgan jamoani uzoq kuttirishga yuragi dov bermadi shekilli, tezda maqsadga o‘tdi.
Qisqacha tanishtiruv chog‘ida Treysi boshqa davlatlarda stadionlarni to‘ldirishini ta'kidlab o‘tdi.

- Biz esa bor-yo‘g‘i 800 kishimiz, - fikrini davom ettirdi Arsen. – Lekin men Treysiga, kamchilik bo‘lishimizga qaramay, uni stadiondan ko‘ra yaxshiroq kutib olishimizni va'da qildim.
Shu so‘zlardan so‘ng davomli qarsaklar ostida sahnaga Brayan Treysi chiqib keldi.
Yonida tarjimon turganiga qaramay, Treysi tomoshabinlarni rus tilida qutlashni lozim ko‘rdi. Salomlashib bo‘lgach, rus tilini biroz bilishini va endilikda o‘zbekchani o‘rganishi kerakligini ta'kidladi.
Shundan so‘ng seminar boshlandi. Treysi biznesda ham, shaxsiy hayotda ham asqatadigan metodikasi bilan o‘rtoqlasha boshladi...

...Guru gapirishda, sehrlangan jamoa esa tinglashda davom etardi. Omma diqqatini ma'ruzaga mixlash, odamlarni lol qoldirish qanchalar oson-a? Tinglovchilarga 30 soniya ichida hayotidagi eng muhim 3 maqsadni qog‘ozga tushirish taklif qilindi. Soniya millari yugurib ketdi. 30 lahzadan so‘ng guru tinglovchilarini to‘xtatdi. Treysi bu 3 maqsadning biri moliyaviy ahvol, biri oila, biri sog‘liq bilan bog‘liqligini taxmin qilib ko‘rdi. Trenerning topqirligiga qoyil qolgan tinglovchilar uni olqishlar bilan mukofotladi.
Bu jarayonni sinchiklab kuzatarkanman, bir xulosaga keldim: yo‘q, Brayan Treysi daho emas. U uqtirayotgan gaplar ham kashfiyot emas. Oddiy haqiqatlar. Treysi shunchaki hayotga to‘g‘ri qarashni o‘rgana oldi, va bu uning eng katta muvaffaqiyatidir. Oddiy haqiqatlarni anglashday bir qarashda jo‘n yutuq hayotimizga yangi ranglar baxsh etishi, o‘zimizga va kelajagimizga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkinligini Treysi misolida ko‘rdim.

Tushlik oldidan uyushtirilgan matbuot anjumani guru bilan bevosita suhbat qurish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi. Zalda jurnalistlar ko‘p edi, ularni qiziqtirgan savollar yanada ko‘proq edi. Vaqt cheklanganligi bois eng asosiy savollar bilan cheklanishga qaror qilishdi.
Kutilgan shakl va mazmundagi savollar yangray boshladi: uslubingiz O‘zbekistonda qay daraja ish beradi deb hisoblaysiz? Insonning shaxsiy xislatlari uning muvaffaqiyatiga qay darajada ta'sir ko‘rsatada deb o‘ylaysiz? O‘zbekiston haqidagi fikrlaringiz?

Men biroz qolipdan qochishga, Treysiga hurmatim beqiyos bo‘lsa ham, uni biroz “qiynash”ga qaror qildim. Ustozlarimiz shunday o‘rgatishgan – suhbatdoshingga kutilmagan tomondan “zarba” ber.
So‘z navbati olib, mikrofon qarshisiga chiqdim.
- Hayotimizdagi 3ta asosiy maqsadni yozish bilan bog‘liq mashqda siz bu maqsadlar moliyaviy ahvol, oila va sog‘liq bilan bog‘liq bo‘lishini taxmin qildingiz? Lekin mening maqsadlarimni topa olmadingiz – men boshqacha yutuqlarni o‘z oldimga maqsad qilgan edim. Gap nimada? Sizning metodikangiz hammabop emasmi, yoki men o‘ziga xos insonmanmi?

Yengil kulgi ko‘tarildi. Treysi yuzida tabassum bilan javob berdi:
- 80 foiz vaziyatda men tilga olgan taxmin to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Agar siz boshqacharoq maqsadlar qo‘ygan bo‘lsangiz, demak, men aytgan sohalarda kamchiligingiz qolmagan. Aytaylik, oila qurgan bo‘lsangiz, buni ortiq o‘ylamaysiz. Dunyodagi barcha pullarni ishlab topgan bo‘lsangiz, tabiiyki, moliyaviy maqsadlarni ham o‘z oldingizga qo‘ymaysiz.

Oila hamda oila a'zolari o‘rtasidagi munosabatlar yuzasidan berilgan savol ham Treysining tabassumiga sabab bo‘ldi. O‘ylashimcha, to‘rt farzandning otasi bo‘lgan amerikalik biznes-trener bu masalada G‘arbning “buzg‘unchiligi” va “axloqsizligi” haqida bong urishni yaxshi ko‘radigan ayrim baqiroqlarni mot qildi. U o‘z javobi bilan biz sharqlik va g‘arblik, musulmon va kofir emas, avvalo inson ekanligimizni, barchamiz oila va yaqinlarimizga bog‘liqligimizni, mehr olish va berishga muhtoj ekanligimizni ko‘rsatib berdi.

- Oila hayotimizning eng muhim qismidir, - ta'kidladi Treysi. – Men bolalarimni yaxshi insonlar qilib yetishtirishga asosiy e'tiborni qarataman. Eng katta farzandim 35 yoshda, eng kichigi esa 23da, lekin men hali-hamon ular bilan shug‘ullanmoqdaman. Oilada muammolar kelib chiqishi, “avlodlar to‘qnashuvi” yuzaga kelishi mumkin, farzandingiz ahyon-ahyonda so‘zingizni tinglamasligi, murosa topa olmasligingiz mumkin. Lekin bu o‘zaro mehr-muhabbatga raxna solmasligi kerak. Bilib qo‘ying, farzandlaringizga o‘tkaza oladigan eng ijobiy ta'siringiz unga ibrat bo‘la olishingizdir. Farzandlaringizga qila oladigan eng katta yaxshilingiz turmush o‘rtog‘ingizni chin dildan sevishingizdir.

...Seminar soat 17:00da tugallanishi mo‘ljallangan bo‘lsa ham, Brayan Treysi mashg‘ulotlarni 17:30ga qadar davom ettirishga qaror qildi. Hech kim qarshi bo‘lmadi. Savol-javoblarni qo‘shib hisoblaganda esa tadbir roppa-rosa 18:00gacha davom etdi. So‘ng guru davomli olqishlar sadosi ostida sahnani va zalni tark etdi. Bizlarni esdalik suratlari sessiyasi va tushlik kutardi...

So‘zimiz yakunida tashkilotchilarning mehnati o‘zini oqlaganini ta'kidlab o‘tgan bo‘lardim. Tadbir, darhaqiqat, yuqori saviyada, juda ijobiy ruhda o‘tdi. Buni Treysi ham e'tirof etdi. Ayrim texnik kamchiliklar ham o‘z vaqtida kiritilgan o‘zgartirishlar tufayli tadbirning borishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmadi. Tadbir rejasiga kutilmagan o‘zgartirish kiritib, uni bir soatga uzaytirgan odam Treysining o‘zi bo‘ldi. Buning sababi tushuntirilmadi. Balki unga Toshkentda to‘plangan auditoriya ma'qul tushgandir?

Eldar Asanov, Kun.uz 
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish