O‘zbekiston | 20:04 / 08.11.2015
10648
2 daqiqa o‘qiladi

Rustam Azimov: O‘zbekiston tashqi kreditlarni investitsion maqsadlar uchungina oladi

O‘zbekistonning yalpi tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotining 16 foizini tashkil qilmoqda. Undan 8 foizi davlat qarzi va 8 foizi xususiy sektor qarzidir. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro investitsion anjuman ishtirokchilariga O‘zbekiston hukumati nomidan nutq so‘zlagan moliya vaziri Rustam Azimov aytdi.

O‘zbekiston tashqi qarzlar siyosatida uchta tamoyilga tayanadi:
Birinchisi: O‘zbekiston iste'molchilik maqsadlari uchun kredit olmaydi, ya'ni “yeb-ichishga”.
Ikkinchisi: O‘zbekiston agar qarzni to‘liq hajmda qaytara olmasa, unda kredit olmaydi.
Uchinchisi: O‘zbekiston tashqi qarzni investitsion maqsadlar uchungina, ya'ni iqtisodiyotning real sektoridagi muhim loyihalarni amalga oshirishga hamda bazaviy sanoat, kommunal va ijtimoiy infratuzilma, jumladan ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish uchun oladi.

Tashqi qarzlarning 85 foizdan ko‘prog‘i ustuvor investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun 15 yildan ko‘proq muddatga, 10 yilgacha imtiyozli davrga yiliga 0,1 foizdan 0,5 foizgacha foiz stavkasi bilan taqdim qilingan.

Eng asosiysi, O‘zbekistonga jalb qilingan barcha kreditlar, ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimi uchun olingan kreditlardan tashqari, olingan qarzlarni qoplash uchun o‘zi foyda keltiradi, deb aytdi Rustam Azimov.

Tahlilchilarning ta'kidlashicha, 2001 yildan 2015 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning tashqi qarzi mamlakat YaIMiga nisbatan 4 marta kamaygan. E'tiborlisi, oxirgi o‘n yildan beri YaIMda xususiy sektor ulushi ortib bormoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish