Jamiyat | 20:45 / 09.11.2015
24091
14 daqiqa o‘qiladi

Raddiya: Iqbol Mirzoni tanqid qilgan Sardor Komilovga javob xati

Bir kun oldin Kun.uz saytida o‘zbekistonlik bloger tomonidan O‘zbekiston Xalq shoiri Iqbol Mirzoning qattiq tanqid qilingani haqida xabar berilishi tezda o‘z ta'sirini ko‘rsatdi.

Vohid G‘aniyev ism-sharifli shaxs saytga murojaat qilib, o‘zi tomonidan yozilgan javobni saytga joylashtirishni so‘radi (u feysbuk tarmog‘idagi akkauntiga shoir Iqbol Mirzo bilan tushgan suratini joylashtirgan va bu ularning yaqin tanish ekanidan darak beradi).

"Hurmatli Kun.uz sayti xodimlari, agar imkon bo‘lsa, bizning sevimli saytimiz bo‘lgan sizning portalingizda tanqidga olingan O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoga qarata yozilgan ochiq xat muallifi Sardor Komilovga javob xatimni nashr qilsangiz", deya o‘z ishonchi va hurmatini izhor qilib murojaat qiladi murojaat muallifi.

Quyida ushbu javob xatini imlo va uslubiy xatolari tuzatilgan, lekin shakl va mazmuni saqlangan holda havola etamiz.

Bemazmun tanqid!

O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning fikrlarini tanqid qilgan Sardor Komilovga javob xati

"Avvalo, davlat rivojida ham yoki har qanday sohaning sifat darajasini sayqallashda ham, tartib birinchi o‘rinda turishini his qilish qiyin emas. Shunchaki, qo‘shiqchilik erkin narsa. Masalan, Amerikada yoki Yevropaning istalgan joylarida xohlagan so‘zini, istagan musiqasiga tushirib kuylayverishadi, har qanday “ohangjama”lardan tortib, “baqirishlar”gacha qabul qilinaveradi uyoqlarda.

Bizda undaymas. Bizda so‘z mohiyati, uning buzilib ketmasligi, so‘zning o‘z qadr-qiymatida qolishi asralishi uchun imkon bor. Buning uchun filologlarimiz va "ongli odamlarimiz" harakat qilmasa, boshqasi bekor! ….. Gapni birdan g‘iybatdan boshlamoqchi emasman, o‘zim jurnalistman, ismimni ham aniq yoza olaman - Vohidjon Ganiyev Zaylobiddinovich!

Kuchanib, kimningdir buyrug‘iga asosan, buyurtma bilan hech ham bir narsa yozishga harakat qilmaganman, kimnidir yomonlashdan oldin, fikrlarni tanqid qilishdan avval bir qur o‘ylab olaman, o‘zining mehnati bilan, uzoq yillar davomida erishgan tajribasi ko‘p odamlarni esa hurmat qilib, boshimga ko‘taraman (hech kim menga bir so‘m bermasa ham).

Xalq oldida ishonchga kirib, ancha obro‘ topgan insonlarni esa anchagina qadrlagan holda bir chekkada o‘z rizqimni o‘zimning omadimga qarab topaveradigan odamman.

Sardorjonga esa net (internet - kun.uz izohi) sahifalarida urra-surra tortishib yozishga qiziqqanimdan yoki shunaqa yozma tortishuvlardan e'tiborga tushishni xohlaganimdan bu javobni yo‘llamayapman, shunchaki vijdonan o‘qib chiqib, katta xato qilinganini sezganim uchun birozgina jig‘ibiyron bo‘ldim va xat qoraladim.

Hurmatli, Sardorjon Komilov ! 
O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo shunchaki oddiy fikrlaydigan va sodda xulosalar qilib, sayoz anglab, bir ishga urinadigan inson emasligi uchun oddiygina filolog bo‘la turib, davlat siyosiy pog‘onasida turibdi(lar), uning takliflarida o‘z manfaatidan ko‘ra tilning va shu millat uchun saqlab qolinishi kerak bo‘lgan zabonning tartibi aks etgan! U kishining fikrlari doirasida, qaysidir qo‘shiqchini yoki qaysidir san'atkorning ijodini to‘xtatishdek da'vat yo‘qku, nega jon berib o‘zingizga olasiz bu jumlalarni?! Siz “millat tili va madaniyati muhofazasi” degan tushunchani anglay olasizmi? Hamma o‘z ishini bajarsa, o‘z burchiga amal qilsa, tengma-tenglik bilan o‘ylangan maqsadga boriladi. To‘g‘ri, chegarada turgan bir askarning aksi oldida boshqa sohaning hech bir jihati ustun bo‘la olmagan. Mana siz ham nima qilishni bilmay, doim g‘oyalari ilg‘or chiqadimi yo‘qmi, harakat qilayotgan odamga “tashlanganingiz” kulgili emasmi?! Siz o‘zingizga savol bering: Men nima qildim? Nima qilayapman? Nima qilaman?

G‘oyalar sizda zo‘r bo‘lsa, olib boring! Mazmunli g‘oyalar topa olsangiz, urinib ko‘ring astoydil biror ishga hissa qo‘shishga! Ishlab, ishlaganda ham tinimsiz fikrlar bilan davlat darajasidagi bayram tadbirlariyu, bir qancha madaniyat sohasidagi salmoqli ishlarni amalga oshirgan odamlarga va ularning obro‘lariga xalal qilishga oshiqmasdan.

Hamma aql bilan qilingan rejalar doim zerikarli bo‘ladi, chunki, tagida mehnat yotadi. Madaniyat xodimlari esa, albatta ko‘zga ko‘rinadigan darajada biror yumush qilishmaydi, buni bilib qo‘ying! Ularning qo‘llarida ketmon yoki ish qilayotgani ko‘rinishi uchun moyga botib ishlashi ham shart emas, ularning ishi buni talab qilmaydi! Mehnatlari ong bilan bog‘liq, odamlaring vatanparvarlik ruhiyatini kuchaytira olishim kerak degan mas'uliyatlari bor! Vatanni qo‘riqlash uchun chegaraga borib turganlar yetarlicha, ular o‘z zimmasidagi ishni bajara olyapti! Biz ham ularga ishonamiz! Men, masalan harbiy xizmatni o‘taganman, o‘z burchimni bajarganman. Sizni bilmadim. Haqiqiy jonbozlik qilib, boshqa masalalarni tanqid etsangiz bo‘lmaydimi? Yoki kuchingiz yetmaydimi unday narsalarga!? Adabiyot va san'at haqida gapirishgaku, ko‘rinib turibdi, aql-farosatingiz ancha pand beradi.

Agar siz o‘sha majlis zalida bo‘lganingizda, o‘sha yerda va o‘sha vaqtda o‘z e'tirozlaringizni aniq hamda ravon bayon etganingizda, hamma izza bo‘lib qolamasmidi? (agar gaplaringiz tasdig‘ini topsa)

Lekin bunga shubham bor, u yerda siz o‘ylagandek mantiqsizlik bo‘lmagan! U yerda odatdagidek jonkuyarlik bo‘lgan xolos! Iqbol Mirzo haqida xususan to‘xtaladigan bo‘lsam, u kishi “she'rlarimni ol”, “mening she'rlarimni kuylaysan” – deguvchi odam emas! U kishini yaqin tanimasligingiz tufayli anchagina g‘iybat qilgansiz xolos!

Siz faqat bu dunyoda yo‘qlarni, ular ketganidan keyin qadrlaydiganlardan bo‘lsangiz kerak. Mana Muhammad Yusuf olamdan o‘tgan – uning qadri baland! Shavkat Rahmon ham bu dunyoda yo‘q – uning hurmati ham ijodkorlar orasida unutilmas! Oxunjon Madaliyevni ham hamma qadrlaydi! Ko‘pchilik ularning daholardan ekanini his qilib hurmatlashadi! Tiriklarini esa his qila olishmaydi! Bu hayot qonuniyati.

Iqbol Mirzoni o‘sha buyuklar qarsak bilan qarshi olgan. Iqbol Mirzoning eng yaqin akalari edi ular. Ularning ta'biri bilan ham Mirzo haqiqiy istedod bo‘lib qolgan! Hozirda ham uning muxlislari judayam ko‘p va uni qo‘llovchilar ongli ravishda qilishadi bu ishni.

Eh, Sardorjon, shoshma-shosharlik qilib quyibsiz! Koshki gaplaringizda va jon kuydirishlaringizda ozgina mantiq bo‘lsa! Sizga bir mavzu aytaymi? O‘shani tanqid qiling! Agarda kuchingiz va mahoratingiz yetsa. Mehnatdan va izlanishdan tinmagan odamlaring ishiga burun suqmang iltimos! Sizdek g‘alati fikrlaydiganlar ko‘pchilikning ongida abadiy g‘iybatchi degan nomni qoldiradi! Yo‘q, yo‘q, aql bilan tanqid qilingan narsani hamma qabul qiladi, lekin ma'nisiz fikrlar bunaqa bayon qilinmaydi! Tanqid o‘z o‘rnida, uni kuchanib o‘zni ko‘ratish uchun yozib bo‘lmaydi. Tanqid maydoni keng, bir puflab uchirib yuboradi bardosh bera olmasangiz!

Ha, darvoqe, o‘sha majlisdagi gaplarni ham ishonasizmi yo‘qmi, bir qayta ko‘rib chiqing, video tasvirlari bo‘lsa, mutaxasislar bilan albatta! Chunki, u yerdagi fikrlarni siz tushunmaganingiz aniq. Umuman teskariga burib yozibsiz aytilgan so‘zlarni. Umuman bu majlis boshlanmasdan oldin ham shunaqa mavzuda tanqid yozishga tayyor turgandek tuyuldingiz! Agarda sizning e'tiboringiz mana shunday darajada ta'sirlangan bo‘lsa, u holda siz yoki yaxshi fikrlay olmaysiz, yoki shunchaki “mana shunday maydalanishlardan rohat olasiz”. Axir bir maqolni misol qilibsizku: Ishtoni yo‘q, ishtoni yirtiqqa kulibdi. Ilmi yo‘q esa… E xullas, kutilmagan tanqidingizdan ma'no topa olmasdan qiynaldim. Masalan, mana bu jumlangiz "Umuman olganda, nafaqat Iqbol Mirzo balki shunday majlisda so‘zga chiqadiganlar, til va vatan haqida bong uraverish emas, amalda ko‘rsatish ustida ish qilsangizchi! Faqat gap, gap, gap! Natijachi? Nega ReALLIKKA ko‘chadigan narsalar ustida ishlamaysizlar? Bilganingiz 50 chog‘li odamni yig‘ib, ularga gapirish xolos! Sizlar aql o‘rgatishdan avval nima ish qilib, qoyillatdingiz? Nima g‘oyangiz bor va uni amalga oshirdingiz?" - Madaniyat sohasi shunday yo‘nalishki, amaldagi ishlar ham mavhumdek tuyulaveradi, qilingan ishlarni esa faqat ma'naviyati yetgan odam tushunadi, kuchanib tanqid qilishdan avval, oddiy fikrlab ko‘rish kerak xolos. Siz tushunmagan narsani o‘sha yerda tushunganlar bordir deb umid qilaman.

Yana bir o‘rinda shunday yozgansiz – “Darsni maktabdan olishsin. Yoki institut va maktablarda o‘qitish sifati shu qadar sayozmiki, yoshlarimizning artistlardan saboq olishga kuni qolgan bo‘lsa? Oilalarda tarbiya yo‘qmidiki, yoshlarni artistlar tarbiyalayotgan bo‘lsa?”. Buni qay bir farosat bilan yozdingiz? Gapingizda shunchaki oddiy tarbiya yo‘nalishlarining bir qismi aks etgan xolos! Bu yerda "otang yoki onang seni tarbiyalamapti" degan g‘oya yo‘q! Ishlanayotgan kliplardagi deyarli ishtonsiz yurgan qizlar va "jilpillab" aytilayotgan qo‘shiqlarning va shevabozlikning yechimini izlash maqsadida aytilgan fikrligini majlisda ishtirok etmagan odam ham anglaydiku! Bu amaliy ish emasmi!? Ularning ishi shuku o‘zi! Ularning mas'uliyati shu-da! Yoki ular bozorga borib, amaliy ish qilay deb, kartoshka sotsinmi? Yoki mashinaning balonini alishtirsinlarmi? O‘ylab yozdingizmi, Sardorjon? Bunday fikrli tanqid bilan biror bir kishining hurmatiga ega chiqasizmi yoki shunchaki tanqidni tushunmaysizmi? (uzr, men xuddi, oldimda o‘tirganingizdek his qilib yozyapman. Fikrlaringizni omma oldida sizdek oshkor etyapman xolos)

Va oxirida yozasiz: “Iqbol aka yoki davlat ishini qoyillatsinlar yoki she'riyatni tanlasinlar. Kimdir aytgandi: artistni siyosatga aralashtirma va artistni yuqori lavozimga qo‘yma deb. Maylida, siz artist emassizku to‘g‘rimi? Sizga tegib ketmas va shoirlarga lavozim mumkin bo‘lsa kerak. Qariganida harflarni to‘g‘rilab o‘tirish uchun".

Sardorjon, bu fikrlar, normal darajadagi odamning gaplarimas, bu “kavlash” degani! Ma'nosiz g‘iybat deganiku bu axir! Bu chidamaslik va ko‘ra olmaslik degan sifat! Sizda shunday sifatlar bor ekanki, bunday g‘iybat olamidan chiqib keta olmaysiz deb o‘ylayman! Chunki shunday holatda suyagingiz qotgan! Iqbol Mirzoga kelsak, nafaqat u kishi, balki jahon miqyosidayam, deyarli dunyoning 90 foiz davlatlarda shoirlar siyosiy qarashlar yo‘lida o‘z yurtidagi milliy da'vatlarda ko‘maklashgan va xalq madaniyatini saqlab qolish uchun ularning xizmatlari ancha beqiyos! Tinch va musaffo o‘lkamizda, xohlardimki, o‘z ishini va mas'uliyatini his qiladigan insonlar ko‘paysin! Vatanparvarlik ruhidagi yoshlarning salmog‘i kengaysin, buning uchun har birimiz vijdonan nimadir qilishimiz kerak va zarur. Buni unutmaylik! Siz Sardorjon, yomon odam emasligingiz sezilib turibdi, faqat xato qilgansiz xolos ! Xatolar bo‘ladi, endi hech ham kuchanib, majburiy tanqiddek narsalarga harakat qilmang! Hammada ham bor, ayniqsa ijodda yurgan odamlarda shunday narsa bo‘ladiki, bitta fikrga qarshi hali u to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini anglamasdan shartta tanqidiy fikr bildirish! O‘ylab, fikrlab, va asoslab, asoslarni hangomadek shoshmasdan, tiniq va ravon yozish esa bu - bilim degani! Siz millat tiliga, millat yozuviga va o‘zbek tilining qadriga hurmatsizlik qilib quyganingizni sezmabsiz ham! Eng yomoni mana shu. Endi unday qilmang. Omad sizga!

Vohidjon Ganiyev

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish