O‘zbekiston | 14:42 / 11.11.2015
3157
2 daqiqa o‘qiladi

LUKOYL O‘zbekistondagi barcha loyihalarini ko‘rsatilgan muddatda amalga oshiradi

Kecha, 10 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Rossiyaning LUKOYL kompaniyasi rahbari Vagit Alekperov bilan ushbu kompaniya mamlakat hududida amalga oshirayotgan loyihalar realizatsiyasini muhokama qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar tarqatdi.

O‘zbekiston yetakchisi kompaniyaning mamlakat neft-gaz sektoridagi loyihalardagi faol ishtirokini qayd qilib o‘tdi. Jumladan, kompaniyaning O‘zbekistondagi loyihalarga yo‘naltirgan investitsiyalari 5 mlrd dollardan oshgani ta'kidlandi.

Ayni paytda LUKOYL respublikada 3ta loyiha ustida ishlamoqda: Qandim-Havzak-Shodi; Janubi-G‘arbiy Hisor konlarini ishlatmoqda, shuningdek, Orol dengizining O‘zbekistonga tegishli qismida xalqaro konsorsium tarkibida geologik razvedka ishlarini amalga oshirmoqda.

Dastlabki 2 loyiha doirasida kompaniya 2020 yilga kelib 18 mlrd kubometr gaz qazib olishni, investitsiyalar hajmini esa 8 mlrd dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda kompaniyaning O‘zbekistonda chiqargan gaz hajmi 30 mlrd kubometrdan oshib ketdi.

“Alekperov LUKOYL O‘zbekiston neft-gaz sektorida amalga oshirilayotgan barcha investitsion loyihalar doirasida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarning keng miqyosda o‘z vaqtida ijro etilishini ta'minlab berishini ta'kidlab o‘tdi”, - deyiladi xabarnomada.

Shuningdek, uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlikning keyingi istiqbollari muhokama qilindi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish