Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qoraqalpog‘iston fermerlariga iqlim o‘zgarishiga moslashishda yordam beriladi
10 va 12 noyabrda Nukus va Kegaylida ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazilib, Qoraqalpog‘istonning shimoliy tumanlaridagi fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish yo‘llari muhokama qilinadi. Bu haqda "Gazeta.uz" xabar bergan.
Seminarlarni O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazining «O‘zbekistonning qurg‘oqchil rayonlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta'minlash» qo‘shma loyihasi tashkil etmoqda.
U 2014 yilda BMTning Iqlim o‘zgarishi haqidagi Umumiy Konventsiyasining Adaptatsiya (Moslashish) jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida Qoraqalpog‘istonning iqlim o‘zgarishlariga o‘ta sezuvchan shimoliy hududlarida ishga tushirildi.
Loyiha amalga oshiriladigan olti yil mobaynida markaziy, viloyat va mahalliy davlat hokimiyati idoralariga, unchalik yaxshi himoyalanmagan jamiyatlar, fermer va dehqon xo‘jaliklariga ushbu mintaqadagi qurg‘oqchilikning asoratlarini bartaraf qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga hamda ularning salbiy iqlim o‘zgarishlariga chidamliligini oshirishga ko‘mak beriladi.
Seminarlarda mazkur yo‘nalishdagi faoliyatning dastlabki yili natijalari taqdim etiladi, iqlim o‘zgarishiga moslashuv bo‘yicha chora-tadbirlarni rejalashtirish, loyihalashtirish va amalga oshirish maqsadi bo‘lgan gidrometeorologiya va iqlim monitoringini takomillashtirish zarurligi tushuntirib beriladi.
Ushbu o‘quv tadbirlarida asosiy e'tibor shimoliy hududlarda issiqxona xo‘jaliklarining rivojlanish istiqbollari, qurg‘oqchilikni oldindan ogohlantirish tizimlarini, lazer yordamida yerlarning chizmasini tuzish, suvni tejovchi texnologiyalar va ko‘plab boshqa narsalarni joriy qilishga qaratiladi.
Seminar yakunida Nukus va Kegaylida fermer va dehqonlarga iqlim o‘zgarishiga moslashuv masalalari bo‘yicha ko‘mak berish markazlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi markazlar ochiladi.