Jamiyat | 16:12 / 12.11.2015
9810
3 daqiqa o‘qiladi

Bahrom Nazarov o‘z konsertida hindistonlik mehmonlar uchun hindcha qo‘shiq kuylab berdi

2015 yilning 10-11 noyabr kunlari estrada xonandasi Bahrom Nazarov o‘zining ilk yakkaxon konsertini o‘tkazdi. Aytish joizki, konsert dasturi kutilgandan ham a'lo darajada, ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.

Ikki kun davomida xonandaning minglab ashaddiy muxlislari poytaxtimizdagi “Istiqlol” san'at saroyiga tashrif buyurib, o‘ziga xos shou dasturiga guvoh bo‘lishdi. Sahnaning betakror usulda bezatilgani, yoritkichlarning uyg‘unlikda harakat qilishi, san'atkorning tomoshabinlar oldida kutilmagan holatda paydo bo‘lishi konsert tashkilotchilari, Bahrom Nazarov jamoasining professional tayyorgarlik ko‘rganidan dalolat beradi.

Dasturdan xonandaning xalqimiz qalbiga chuqur kirib borishga ulgurgan bir qator ijod namunalaridan tashqari, uni mashhurlikning yangi cho‘qqilariga olib chiqa oladigan darajada mahorat bilan kuylangan yangi qo‘shiqlari ham o‘rin olgan. Aytish kerakki, har bir yangi qo‘shiq o‘ziga xos uslubda, tarona mavzusi va yo‘nalishiga mos raqslar va sahna ko‘rinishlari orqali xalqqa taqdim etildi.

Kontsert davomida xonanda konsertda hindistonlik mehmonlar ham ishtirok etayotganini e'lon qilib, ular uchun yaqindagina markaziy telekanallardan birida efirga uzatilgan hind seriali sauntrekidan parcha ijro etib berdi va tomoshabinlar olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Aytish kerakki, konsert avvalida bir olam xayajon va xavotirga g‘arq ekani yaqqol ko‘rinib turgan san'atkor muxlislarning olqishu maqtovlari, uning san'atiga bee'tibor emasligini ko‘rib, tez orada o‘zini butunlay qo‘lga oldi, barcha bilan bir jonu bir tan bo‘lib ketdi.

Bahrom Nazarovning ilk yakkaxon konsertiga uning qay darajada yaxshi o‘tishiga ishonib-ishonmay tashrif buyurgan muxlislar sho‘x-shodon kuy-qo‘shiqlarga yo‘laklarni to‘ldirib raqs tushgan bo‘lsa, marhum onasiga bag‘ishlab ijro etgan “Onajonim ro‘moli” qo‘shig‘i kuylanganida san'atkorga qo‘shilib ko‘z yoshlariga erk berishdi.

Umuman, ikki kun davomida muhtasham “Istiqlol” san'at saroyida yagona bayromona muhit hukm surdi.
Xulosa qilib aytganda, konsert kutilgandan ham ortiq darajada ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etildi. Umid qilamizki, san'atkor bundan-da yuqori marralarga yetib boradi. Chunki uning ijodi xalqqa yaqin, qalbdan chiqqan navolar yuraklarga yetib boraveradi.