Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Foreign Policy: “Yevropa ustuni” bo‘lgan Germaniya “barbod bo‘lishni” boshladi
Berlinning grek inqirozidagi g‘alabasidan bor-yo‘g‘i bir necha oy o‘tib “Yevropa ustuni” hisoblangan Germaniya barbod bo‘la boshlagani haqida xavotirlar paydo bo‘la boshlamoqda, deb yozilmoqda Foreign Policy nashridagi maqolada.
Maqolada ta'kidlanishicha, ko‘plab inqirozlar Angel Merkelning yetakchiligiga rahna solmoqda. Bu avvalambor, migratsiya inqirozi bo‘lib, u Merkel hukumatida ixtilofni keltirib chiqardi. Dastlab Germaniya ichki ishlar vaziri Tomas de Mezer qochqinlarga boshpana berish siyosatini qattiqlashtirish haqidagi fikrni bildirdi, uning bu fikrini moliya vaziri Volfgang Shoyble qo‘llab-quvvatladi. Biroq keyinroq Merkelning maxsus vakili bu reja kansler bilan kelishilmaganini aytgan.
Bundan tashqari, eng muvaffaqiyatli nemis brendlaridan biri, nemis sanoati ramzi hisoblangan Volkswagen bilan bog‘liq mojaro Germaniya uchun jiddiy muammo bo‘ldi. Avtokonsern 3,9 mlrd dollar atrofida ziyon ko‘rdi, Yevropa Ittifoqi AQSh bilan Transatlantik investitsiya va savdo hamkorligi yaratish bo‘yicha muzokaralarda esa nomaqbul pozitsiyada qolishi mumkin. Vashington “Yevropa Ittifoqi AQSh firmalari bilan qanday munosabatda bo‘lishi masalasida bosim richaglarini qo‘liga olish uchun bu imkoniyatdan foydalanishi mumkin”, deb aytmoqda Levick konsalting kompaniyasi vitse-prezidenti Patrik Xillman.
Yana bir shov-shuvli mojaro 2006 yilda Germaniyada futbol bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazish uchun nemis amaldorlari FIFA a'zolarini sotib olishda gumon qilinayotganlari bilan bog‘liq tergov bo‘ldi.
Bundan tashqari, yaqinda OAVlar nemis razvedkasi o‘zining ittifoqdoshlari hamda nohukumat tashkilotlari ortidan josuslik qilgani haqida xabar berdilar. Merkel AQSh maxsus xizmatlari Germaniya ortidan josuslik qilganda “birovning ortidan kuzatish yaxshimasligini” aytib darg‘azab bo‘lgan bir paytda Germaniyaning o‘zi boshqa davlatlar ortidan kuzatuv olib borgan.
Natijada Germaniyada sharmandalik hissi hukm surmoqda, deb hisoblamoqda nemis tahlilchisi Yorg Volf. “Nemis iqtisodiyoti, tartibga soluvchi muassasalari va sud tizimi ancha vaqtga mamlakatning xalqaro nufuziga yetkazilgan zararni kamaytirish ustida ancha ishlashlariga to‘g‘ri keladi”, deb aytmoqda tahlilchi. Uning fikricha, AQSh Germaniyaning Yevropa va mamlakat ichidagi turli muammolarni uddalay olishi borasidagi imkoniyatlariga ko‘pincha yuqori baho berib yuboradi. “Berlinga haddan ortiq ishonish kerak emas”, deb aytmoqda Volf.