Sport | 17:55 / 12.11.2015
2440
2 daqiqa o‘qiladi

Yozef Blatter shifoxonadan chiqdi

11 noyabr kuni shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingan FIFA prezidenti Yozef Blatter bugun shifoxonani tark etdi. Bu haqda Reuter nashri xabar berdi.

U shifoxonaga asab tizimidagi muammolar sababli tushib qolgandi.

"Janob Blatter bir necha kun shifoxonada bo‘ldi. U bu vaqtda sog‘ligini barqarorlashtirish bilan band bo‘ldi", deb ma'lum qilgan uning maslahatchisi Klaus Shtelker.

Eslatib o‘tamiz, 8 oktabr kuni FIFA axloq qo‘mitasining arbitraj palatasi Blatterni o‘z lavozimidan va futboldagi faoliyatidan 90 kunga chetlashtirgandi. U bilan birgalikda UYeFA prezidenti Mishel Platini va FIFA Bosh kotibi Jyeroma Valke ham shu muddatga futboldan chetlashtirilgandi.

Shveytsariya Adliya federal byurosi 25 sentabrdan Blatterga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘agandi. Yozef pullarni o‘zlashtirishda gumon qilinmoqda.

Ma'lumot uchun, Blatter FIFA prezidentligida 1998 yildan buyon ishlab kelayotgandi. Joriy yilning 29 may kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda ham u g‘alaba qozongan biroq tashkilotda korrupsiya bilan bog‘liq mojarolar paydo bo‘lgach, 2 iyunda iste'foga chiqishi ham ma'lum qilgandi.

Ayni vaqtda, keyingi saylovlargacha FIFAni vitse-prezident Issa Hayatu (Afrika Futbol konfederatsiyasi rahbari) vaqtinchalik boshqarib turibdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish