Jamiyat | 22:27 / 13.11.2015
14880
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadan deportatsiya qilingan o‘zbekistonlik ayol Peterburg hokimiyatidan farzandlarini qaytarishni so‘ramoqda

O‘zbekiston fuqarosi Dilafruz Nabotova Migratsiya to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgani uchun Rossiyadan chiqarib yuborilgan, uning 2 farzandi esa Sankt-Peterburgda qolgan.

U ayni vaqtda Sankt-Peterburg hokimiyatidan o‘zidan ajratilgan farzandlarini qaytarishini so‘ramoqda. Ushbu oila vakillari sentabr oyi boshida ajratilgan. 7 sentabr kuni Dilafruz Nabotova homilador holida Rossiyadan deportatsiya qilinuvchilar uchun maxsus izolyatorga olib kelingan, uning ikki farzandi, 7 yoshli Mahbuba va 8 yoshli Sarvarbek esa muhojirlar lageriga jo‘natilgan.

Dilafruz Nabotovaning Life78 kanali orqali ma'lum qilishicha, u 2011 yilda Rossiyaga borgan va puli bo‘lmagani uchun Rossiyada ishlash hamda yashash uchun zarur hujjatlarni ola olmagan. U Rossiyada hech qanday hujjatsiz 2015 yilgacha ishlashda davom etgan.

Uning hikoya qilishicha, 7 sentabr kuni u yashab turgan kvartiraga Rossiya FMX xodimlari kelishgan, tekshiruvchilar uning turmush o‘rtog‘ini olib ketishgan, farzandlarini esa bolalar uyiga jo‘natishgan. Uning o‘zi Krasnaya Seladgi izolyatorda 1,5 oy davomida qolib ketgan.

"Oxirgi marta farzandlarimni 7 sentabr kuni ko‘rganman. Ularning qayerdaligidan bexabar qolib ketdim. So‘rovlarimga rasmiylardan hech kim aniq javob aytmadi.

Shundan so‘ng, o‘z tanishlarim orqali ularning qayerdaligini aniqladim", deydi u.

Ko‘p o‘tmay, Dilafruz muhojirlar boshpanasiga telefon qilgan, u yerdagilar esa faqat tegishli hujjatlar orqaligina farzandlarini olib ketishi mumkinligini aytishgan.

Bu orada, 24 sentabr kuni u uchinchi farzandini dunyoga keltirgan, 5 kun tug‘ruqxonada bo‘lgach, uni izolyatorga qaytarishgan. Muassasa vakillari unga barcha farzandlari bilan vatanga qaytishi mumkinligini bildirishgan.

"7 oktabr kuni izolyator boshlig‘i aytdiki, chaqalog‘im uchun hujjatlar joyida, lekin 2 farzandimning hujjatlari tayyor emas. Shuning uchun ular men bilan qayta olishmasligi va ularni 2 haftadan keyin jo‘natishlarini aytishdi", deydi Dilafruz.

Lekin u o‘z farzandlarini olmasdan hech qayerga ketmasligini bildirgan. Shundan keyin unga izolyator mas'ullaridan biri dag‘dag‘a qilgan.

"U agar rozi bo‘lmasam, chaqalog‘imni ham olib qo‘yishlarini aytdi. Ular bilan bahslashdim, ko‘ndirishga harakat qildim, iltimos qildim, lekin quloq solishmadi va gaplarida qat'iy turishdi", deydi ona.

Uning aniqlik kiritishicha, advokat ham uni 2 haftadan keyin farzandlari bilan ko‘rishishiga ishontirgan.

"Lekin 3 oy bo‘lyaptiki, bolalarimni ko‘rmadim. O‘tinaman, ularni qaytarib bering", deya yig‘lab murojaat qiladi u.

Nabotovaning advokati Yuriy Serovning ma'lum qilishicha, bu ishga Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi aralashishi mumkin. Uning aytishicha, Nabotovani farzandlari bilan noqonuniy ravishda ajratishgan va unga izolyatorda azob berishgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish