Britaniyalik avtomobilni parallel parkovkalash bo‘yicha Ginness rekordlar kitobiga kiritildi
Buyuk britaniyalik Alister Moffat Veybrij shahri yaqinidagi poyga trassasida o‘zining Mini Cooper avtomobilini ikkita boshqa mashina orasiga qo‘ya olgani uchun Ginness rekordlar kitobiga kiritildi. Moffatning mashinasi bilan qo‘shni avtomobillar orasidagi umumiy masofa bor-yo‘g‘i 34 santimetrni tashkil qilgan. Bu haqda Guinness World Records saytida ma'lum qilindi.
Britaniyalik mashinada orqaga yuqori tezlikda harakatlanib, avtomobilni qo‘yish kerak bo‘lgan joyga yetganda keskin burilib, aylanganicha mashinani belgilangan joyga qo‘ya olgan.
Voqea joyida bo‘lgan Ginness rekordlar kitobi rasmiy vakili Moffat mashinasi va unga qo‘shni bo‘lgan ikki mashina o‘rtasidagi masofani o‘lchab, britaniyalik 2012 yildagi rekordni 1 sm ga yaxshilaganini tasdiqladi.
Ushbu rekord guvohi bo‘lgan Ginness rekordlar kitobining bosh muharriri parallel parkovkalash rekordlari doimo bahsga sabab bo‘lishini aytgan, biroq bu gal Moffat yuqori mahorat va aniqlikni namoyon qila olgan.