Jahon | 09:48 / 18.11.2015
5898
2 daqiqa o‘qiladi

Bashar Asad: Fransiya terrorchilikka qarshi Qatar va Saudiya bilan ittifoqlikda kurasha olmaydi

Suriya prezidenti Bashar Asad Fransiyaning Valeurs Actuelles nashri bosh muharriri Iv de Kerdrel Parijda sodir etilgan qo‘poruvchilik harakatlariga munosabat bildirdi. Suhbat Damashqda bo‘lib o‘tdi.

“Qo‘rqinchli voqealar sodir bo‘ldi, - ta'kidladi u. – Fransiya terrorchilikka qarshi Qatar va Saudiya bilan ittifoqlikda kurasha olmaydi”.
Shuningdek, Asad uning prezidentlik mansabidan ketkizishni istayotgan G‘arb siyosatchilariga ham, fursatdan foydalanib, javob berdi.

“Mening ketishim haqidagi masala xalqaro konferensiyalarda ko‘tarilmasligi kerak, - dedi u. – Mening ketishim masalasining yechimi faqatgina Suriya xalqi irodasiga bog‘liq. Suriyani yo‘q qilishni istaganlar aslida mintaqadagi oxirgi dunyoviy davlatni yo‘q qilmoqchi. Sekulyarizm bizning o‘zligimizdir. Bu Yaqin Sharq uchun muhim”.

Bundan tashqari, Asad G‘arbni Turkiyada bo‘layotgan voqealarga e'tiborsizlikda aybladi: “Turkiya an-Nusra va IShIDni qo‘llab-quvvatlamoqda, sizlarga millionlab qochqinlarni yubormoqda. Siz Erdo‘g‘anning yashirin motivlariga e'tibor berishingiz lozim. Men dunyoning ahvoliga qararkanman, Putin xristian sivilizatsiyasining biz ishonishimiz mumkin bo‘lgan yagona himoyachisi, deb o‘ylab qolaman”.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish