Jahon | 18:40 / 19.11.2015
7367
2 daqiqa o‘qiladi

IShID Antaliyadagi G20 sammitida terakt uyushtirmoqchi bo‘lgani ma'lum bo‘ldi

IShID terrorchilik guruhi Antaliyada 15-16 noyabr kunlari o‘tkazilgan G20’ga a'zo davlatlar yetakchilari sammiti vaqtida teraktlar uyushtirmoqchi bo‘lgan, deb xabar bermoqda mahalliy telekanalga iqtibos keltirgan holda RIA “Novosti” axborot agentligi.

Anqarada 10 oktabrda uyushtirilgan teraktni tergov qilish doirasida prokuratura gumon qilinuvchilarning kompyuterlarida IShID sammit vaqtida teraktlar uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rgani haqidagi ma'lumotlarni aniqlagan. IShID G20 yetakchilari to‘xtagan mehmonxonalarda, sayyohlik majmualari va tungi klublarda xudkushlar ishtirokida teraktlar uyushtirmoqchi bo‘lgan. Bu ma'lumot xavfsizlik boshqarmasiga berilgandan keyin, bir qator gumonlanuvchilarni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiyalar o‘tkazilgan. Bundan tashqari, terrorchilar 1 noyabrda Turkiyada parlament saylovlari o‘tkazilishiga xalaqit berish maqsadida bir qator teraktlar uyushtirishni rejalashtirishgan.

Ma'lumot uchun, Turkiyada 10 oktabrda mamlakat tarixidagi eng yirik terakt sodir etilgan edi. Ikki nafar terrorchi-xudkush tinch namoyish oldidan portlashlar uyushtirgan. Oxirga ma'lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 103 kishi halok bo‘lgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish