Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Independent: Rim papasi kelayotgan Rojdestvoni maynabozchilik va “bema'no taraddud” bo‘ladi deb aytdi
19 noyabrda Vatikanda ibodat paytida Rim papasi Frantsisk kelayotgan Rojdestvoni dunyo urush holatida turgani sababli maynabozchilik va “bema'no taraddud” bo‘ladi, deb atadi. Bu haqda The Independent ma'lum qildi.
Pontifik o‘z nutqida harbiy ixtiloflardan butun dunyo bo‘ylab nobud bo‘layotgan minglab aybsiz qurbonlarni eslatib o‘tdi hamda ta'lim olishga imkoniyati bo‘lmagan bolalarga achinishini aytdi. Papa, shuningdek, urush uyushtirayotganlar va qurol sotishdan foyda olayotganlarni “Xudoning lan'atiga uchraganlar” deb atadi.
“Rojdestvo yaqinlashmoqda. Va dunyoda urush ketayotgan bir paytda chiroqlar, tantanalar, yorqin daraxtlar, tomoshalar bo‘ladi. Bularning barchasi be'mano taraddud. Dunyo totuvlikda qanday yashashni anglay olmadi. Butun dunyo urush holatida turibdi”, deb aytdi pontifik o‘z nutqida.
Frantsiskning fikricha, hozirgi ixtiloflardan qoladigan barcha narsa bu vayronalar, minglab savodsiz bolalar, ko‘plab aybsiz qurbonlar va qurol-aslaha sotuvchilarning qappaygan cho‘ntaklari bo‘ladi.
Rim papasi nutqi so‘ngida ba'zida urushga sabablar bo‘lishi mumkinligini, biroq hozirda dunyoda sodir bo‘layotgan xunrezliklarni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmasligini aytdi.
Avvalroq Frantsisk Parijdagi teraktlarni Uchinchi jahon urushining bir qismi sifatida qabul qilishi ma'lum qilingandi.