Jahon | 08:10 / 21.11.2015
3296
2 daqiqa o‘qiladi

Malidagi mehmonxonada garovga olinganlar orasida AQSh elchisi ham bo‘lgan

AQShning Malidagi elchisi Pol Folmsbi terrorchilar tomonidan garovga olinganlar orasida bo‘lgani ma'lum qilindi. Bu haqda AQSh Davlat departamentiga asoslanib, RIA Novosti xabar tarqatgan.

Xabarda aytilishicha, diplomatik missiya a'zolarining barchasi sog‘-salomat holda ozod qilingan.

Bundan oldinroq, Malidagi mehmonxonada garovga olinganlarni ozod qilish operatsiyasi yakunlangani xabar qilingandi.

Mehmonxona binosi hududidan 27 kishining jasadi topilgan.

Eslatib o‘tamiz, 20 noyabr kuni ertalab Mali poytaxti Bamako shahridagi Radisson Hotel Bamako mehmonxonasiga jangarilar bostirib kirdi va 170 kishini asirga oldi. Bosqindan oldin yuz bergan portlash va otishma vaqtida 9 kishi halok bo‘lgani aytilgandi.

Tez orada mehmonxona atrofi o‘rab olinishi boshlangan va birin-ketin asirlarni ozod qilish ishlari boshlangan.

Qutqaruv amaliyotlariga Fransiya jandermeriyasining 40 nafar jangchisi jalb qilingan. Shuningdek, mehmonxonani jangarilardan ozod qilish amaliyotida amerikalik harbiylar hamda BMTning tinchlikparvar kuchlar korpusi xodimlari ishtirok etgan.

Bu hujum uchun javobgarlikni "Al-Qoida"ning Afrikadagi bo‘limlaridan biri "Al-Murabitun" guruhi o‘z zimmasiga olgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish