Jahon | 19:53 / 22.11.2015
18365
3 daqiqa o‘qiladi

Obama: Rossiyaning Suriyadagi aviazarbalari IShIDni kuchaytirdi

AQSh prezidenti Barak Obama Rossiyani Suriyadagi bombardimonlar davomida kurashni IShIDga qaratishga chaqirdi. Obamaning aytishicha, Rossiya samolyotlari IShID va Bashar Asad qo‘shinlariga qarshi kurashayotgan o‘rtamiyona muholifat pozitsiyalarini bombardimon qilayotgani ba'zi hollarda IShIDning kuchayishiga olib kelmoqda. Obamaning bu so‘zlarini AR axborot agentligi keltirmoqda.

Rossiyaning TASS axborot agentligi AQShning Suriyada Rossiya bilan hamkorlik qilishga tayyorgarligiga ishora qiluvchi Obamaning boshqa so‘zlarini keltirib o‘tdi. Rossiyaning IShIDga qarshi kurashda ishtiroki foydali bo‘ladi, deb aytmoqda Obama. Biroq buning uchun strategik qaror qabul qilish lozim. Obamaning fikricha, hozir Rossiya ko‘proq darajada Asadni qo‘llab-quvvatlash va uning dushmanlari bilan kurashish bilan band. “Asadni hokimiyat tepasida saqlab qolishning iloji bo‘lmaydi. Biz bu holda urushni to‘xtata olmaymiz”, deb ta'kidlab o‘tdi Obama.

“Rossiya rahbariyati rossiyalik fuqarolarni o‘ldirgan odamlarni nishonga olishi kerak”, deb aytdi Obama Malayziyada jurnalistlarga Misrda falokatga uchragan Rossiya samolyoti haqida gapirib. Ushbu falokat uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan.

Sharqiy Osiyo sammitida jurnalistlar bilan suhbatlashish davomida Obama AQSh va uning ittifoqchilari kurashni davom ettirib, terrorchilarning daromad manbalariga zarbalar berib va ularning yetakchilarini yo‘q qilib IShIDni yakson qilishini aytdi.

Obama sammit chog‘ida Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev bilan o‘zaro hamkorlikni muhokama qilishi uchun imkoniyati bo‘lgan edi. Biroq Kuala-Lumpurda Medvedev va Obama o‘rtasida uchrashuv bo‘lmadi. Medvedev bu yerda BMT bosh kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashdi. Pan Gi Mun Rossiya terrorchilik muammosini hal qilishda muhim rol o‘ynashi mumkinligini aytdi. Medvedev o‘z navbatida terrorchilik bilan “siyosiy va harbiy sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirgan holda” kurashishga chaqirdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish