Jahon | 15:21 / 23.11.2015
4326
3 daqiqa o‘qiladi

Independent: Parijdagi teraktlardan so‘ng Yevropada qiyomat ruhi his etilmoqda

Parij va Malidagi teraktlardan so‘ng Yevropa siyosatchilarining militaristik ruhga o‘tib ketishi ular Yaqin Sharqdagi vaziyatni tushunmayotganligidan dalolat beradi, deb yozadi The Independent nashri.

Germaniya razvedkasi rahbari yangi jahon urushi boshlanishi mumkinligidan ogohlantirmoqda, ayrim tarixchilar esa vaziyatni Rim imperiyasining qulashidagi holatga qiyoslamoqda. Parijdagi teraktlar Fransiyani butunlay o‘zgartirib yuborgani aytilmoqda. Ammo maqola muallifi bu fikrlarga qo‘shilmay, Fransiyani manguga o‘zgartirgan narsa general Petenning Gitler bilan hamkorlidir, deb ta'kidladi. Uning fikricha, Parijdagi qotilliklarni 40-yillar bilan tenglashtirish noto‘g‘ridir.

Fransiyalik faylasuf Bernar-Anri Levi hatto “fashist islomchilar” haqida gapira boshladi. O‘z navbatida, muallif 1982 yili xristian jangarilari Bayrutdagi qochqinlar qarorgohlarida 1 700 falastinlikni o‘ldirganida hech kim “fashist xristianlar” haqida gapirmaganini ham eslatib o‘tdi. Shuningdek, bu voqealar “Yaqin Sharqni manguga o‘zgartiradi” degan gaplar ham aytmagani eslatib o‘tildi. Bayrutdagi voqealar urush keltirib chiqaradi, deb hech kim taxmin qilmagan edi, bugun esa Fransiya prezidenti Fransua Olland “Fransiya urush holatida” deb ta'kidlamoqda.

Teraktlar sababini tushunish uchun shuni yodga olish kerakki, 2013 yili Fransiya Malida mamlakat shimolini egallab olgan radikallarga qarshi urush kampaniyasini boshlaganini tushunish lozim. Buning oqibatida IShID Fransiya bilan hamkorlik qilayotgan maliliklarni o‘ldira boshladi. Mali, Niger, Senegal, Gvineya va Togo hukumatlarini qo‘llab-quvvatlayotgan Fransiya IShIDning dushmani deb e'lon qilingan edi.

Yevropa yaqinlashayotgan qiyomat va uchinchi jahon urushi haqida gapirmoqda, lekin bu gaplar Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshi bilmaslikdan kelib chiqadi, deb xulosa qiladi muallif. Balki, muammo yechimi 1945 yili o‘tkazilib, natijada BMT tuzilgani kabi bir xalqaro konferensiyadadir. Aynan mana shunday bir tadbir ko‘plab muammolarni yechishga yordam berar, deb yozadi kolumnist.

Muhojirlarga kelganda, jurnalist ular uchun 1922 yili joriy qilingan Nansen pasportlari singari maxsus hujjat joriy qilishni taklif etdi.

Eldor Asanov tayyorladi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish