Jahon | 12:20 / 23.11.2015
3731
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda zilziladan jabr ko‘rganlar uchun ko‘mak punktlari ochildi

Qirg‘iziston poytaxtida O‘sh viloyatida sodir bo‘lgan zilziladan jabr ko‘rgan janubliklar uchun insonparvarlik yordamini yig‘ish punktlari ochildi. Bu haqda TASS Bishkek meriyasi xabariga asoslanib xabar qildi.

“Bunday punktlar to‘rtta tuman ma'muriyati binosida ochildi. Ular bir hafta davomida dam olish kunlarisiz ishlaydi, - dedi meriya vakili. – Tabiiy ofatdan zarar ko‘rganlar hozirda qurilish materiallari, issiq buyumlar, oziq-ovqat, maktab ashyolari va issiq yopinchiqlarga juda muhtoj”.

Vakilning so‘zlariga ko‘ra, ma'lum miqdordagi buyumlar to‘planganidan so‘ng ular jabrlangan hududlarga jo‘natiladi.

Qirg‘iz tomonining ma'lum qilishicha, ayni paytda yuzlab kishilar qish arafasida boshpanasiz qolgan. Ular issiq chodir, pech va oziq-ovqat mahsulotlariga muhtojlik sezishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 18 noyabrga o‘tar kechasi Qirg‘iziston janubidagi O‘sh viloyatida 7 ballgacha kuchli yer silkinishlari qayd etilgan edi. Mamlakat FVV ma'lumotlariga ko‘ra, zilzilalar natijasida 529ta bir qavatli uy yashash uchun yaroqsiz holga kelgan, yana 10tasi to‘liq buzilib ketgan. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish