Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"O‘zbekenergo": Elektr energiyasi avvaldan amalga oshirilgan to‘lov evaziga beriladi
2014 yilda Toshkentning Bektemir tumanida 10 ming iste'molchi elektr energiyasi iste'molini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanib, uzatilayotgan elektr energiyasi miqdorini aniqlash, masofadan ko‘rsatkichlarni yozib borish, ma'lumotlarni yig‘ish va butun jarayonni avtomatik boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Natijada tumanda qarzdorlik o‘sishi bartaraf etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 2 noyabrda qabul qilingan “Elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'molini hisobga olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'molini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur qarorga muvofiq 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga mos bo‘lgan zamonaviy elektron hisobga olish priborlari bilan jihozlanmagan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatiladi. Zamonaviy elektron hisobga olish uskunalari bilan jihozlash ularning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ushbu qaror asosida «O‘zbekenergo» va «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatlari elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'molini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishga doir loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda. «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati tomonidan tatbiq etilayotgan “Elektr energiyasi iste'molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” investitsion loyihasi shulardan biri.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad tarmoqqa ulangan barcha iste'molchilar tomonidan sarflangan elektr energiyasi bo‘yicha ma'lumotlarni avtomatik tarzda yig‘ish, hisob-kitob markazlariga o‘z vaqtida uzatish imkoniyatini yaratishdan iborat. Bunda iste'mol qilingan elektr energiyasi bo‘yicha ma'lumotlar yig‘ishda iste'molchilarning hisob sxemasiga noqonuniy aralashuvga chek qo‘yiladi.
Elektr energiyasi iste'molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali talabni boshqarish elektr ta'minoti grafiklarini bir maromda bajarish va ishonchliligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonga xorijiy investitsiyalar keng jalb etilmoqda. 2013-2020 yillarda Islom taraqqiyot banki kreditlari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Xorazm viloyatlarida, Osiyo taraqqiyot banki tomonidan Samarqand, Buxoro va Jizzax viloyatlarida, Jahon banki kreditlari hisobidan Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida qator loyihalar ishga tushiriladi.
Bugungi kunda Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Surxondaryoda elektr energiyasi iste'molini hisobga olish tizimini takomillashtiruvchi, qiymati 491 million dollarlik loyihani amalga oshirishga hozirlik ko‘rilmoqda. Loyiha doirasida joylarda 2,6 million dona takomillashtirilgan hisoblagichlar o‘rnatiladi.
"Maqsadimiz elektr energiyasidan foydalanishni takomillashtirish va iste'molchilarning to‘lov intizomiga rioya etishini ta'minlashdir. Zamonaviy elektron hisoblash uskunalari o‘rnatish orqali elektr energiyasi hisobini yuritish yaxshilanadi. Masalan, ko‘pgina tashkilotlarda kechasi elektr energiyasiga ehtiyoj yo‘q. Yangi tizim ishga tushgach, elektr energiyasi qaysi vaqtda va qancha ishlatilishi haqida aniq ma'lumotlar bazasi yaratiladi. Bu kunduzi va tunda foydalanuvchi iste'molchilar uchun alohida tariflarni ishlab chiqishda ko‘l keladi", – deydi “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati “Energosotish” filiali direktori o‘rinbosari Zafar Karimov.
Xonadonlarda qo‘sha-qo‘sha elektr jihozlar ishlab turgani elektr nimstansiyalarining haddan ortiq zo‘riqishiga, oqibatda ishdan chiqishiga olib kelmoqda. Endi bularning bari tartibga solinadi. Xo‘sh, bu qanday amalga oshiriladi?
Hisoblagichlar takomillashgan, ya'ni “aqlli” bo‘ladi. Unda xonadon yoki korxonaga qancha miqdorda elektr yetkazib berilayotgani aniq aks etib turadi. Buni abonentning o‘zi ham internet orqali kuzatishi mumkin. Bunda abonent mobil telefonini “Elektrhisob” dasturiga biriktirib, “O‘zbekenergo” sayti orqali shaxsiy kabinetga kirish, o‘z hisobini va to‘lovlari monitoringini olib borish, so‘rovlar yuborish hamda mobil telefon raqamiga to‘lovlar va qarzdorlik bo‘yicha qisqa xabarlarni qabul qilishi mumkin. Bunda to‘lovlar, hisoblagich ko‘rsatkichlari, hisob-kitob tarixi, hisoblar to‘g‘risida ma'lumotlarni real vaqt rejimida ko‘rishi va plombalash, elektr hisoblagichni almashtirishga ariza berishi mumkin.
Ushbu tizimni joriy etishda iste'molchilarning elektr energiyasi iste'molini aniqlash, hisob-kitoblarning amalga oshirilishini to‘liq avtomatlashtirish asosiy maqsad qilib belgilangan. Iste'molchilarni tarmoqdan distansion tarzda uzib qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lgan holda ularga elektr energiyasi oldindan to‘lov asosida yetkazib beriladi.
UzA ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatida to‘lovlarni online rejimida qabul qilish joriy etilgan. Bu bilan hisobraqami, ism-familiyasi, yashash manzili, oxirgi to‘lov, qarzdorlik haqidagi ma'lumotlar orqali iste'molchining hisobraqamiga to‘lovlar kelib tushishi ta'minlanmoqda. Bu iste'molchini elektr energiyasi yetkazib beruvchi tashkilotga borishdan, ma'lumot olish uchun navbatda turishdan, ortiqcha ovoragarchilikdan xalos etadi. Elektr energiyasi uchun avvaldan amalga oshirilgan to‘lov miqdori to‘g‘risida SMS xabar orqali iste'molchining mobil telefoniga 3 kun avval ogohlantirish yuboriladi.